Surxondaryo viloyati Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida Hindistonning Mumbay shahridagi ilmiy tadqiqot markazi professori Barve Siddhivinayak ishtirokida “Efir moyli o‘simliklardan efir moyini ajratib olish texnologiyasi” mavzuiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Professor-o‘qituvchilar, aniq va tabiiy fanlar fakulteti talabalari qatnashgan seminarda institut rektori Oybek Ro‘ziyev so‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’limning ishlab chiqarish va ilm-fan bilan integratsiyasini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor ta’lim sifatini oshirib, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda o‘z samaralarini berayotganini ta’kidladi. Bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirish uchun institut xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini kengaytirayotganini qayd etdi.

Ayni paytda institutning biologiya va qishloq xo‘jalik mahsulotlari va texnologiyalari hamda umumiy kimyo va kimyoviy texnologiyalar kafedralari professor-o‘qituvchilari hamda ilmiy izlanuvchilar qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga boy vohada qator ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Zamonaviy sanoatda keng ishlatiladigan efir moylaridan lak-buyoq, atir-upa, sovun ishlab chiqarishda, oziq-ovqat essensiyalari, tish pastalari tayyorlashda foydalaniladi. Qalampirdan ajratib olingan efir moylari tibbiyotda qo‘llaniladi. Kimyo sanoati va farmatsevtikada ham efir moylari ishlatiladi. Institutda o‘simliklardan efir moyini ajratib olishga qiziqish kelajakda bu turdagi mahsulotlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi.

Seminar-treningda hindistonlik olim efir moylarini ajratib olishning ilg‘or texnologiyalari, ekologik jihatdan toza va samarali usullari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Uning bu boradagi tajriba va yondashuvlari barchaga manzur bo‘ldi. Ilmiy izlanish olib borish uchun bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.


Seminar-trening doirasida professor Barve Siddhivinayak institutda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun yaratilgan sharoitlar va ilm-fan fidoyilarining yangi yondashuvlari bilan yaqindan tanishdi. O‘quv dasturlaridagi zamonaviy o‘zgarishlar hamda qo‘llanilayotgan pedagogik uslublar katta qiziqish uyg‘otdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri