Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 8-turida OKMK jamoasi muhim g‘alabani qo‘lga kiritgan holda musobaqa jadvalida peshqadamga aylanib oldi.
Gap shundaki, OKMK o‘z maydonida "Andijon" klubini qabul qildi va 4:3 hisobida zafar quchdi.

O‘yinning 16-daqiqasida Xurshid G‘iyosov raqib darvozasini ishg‘ol etib, OKMK jamoasini oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 19-daqiqada Bektemir Abdumannonov mezbonlar darvozasiga gol urdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, aniqrog‘i 39-daqiqada Altin Kreziu (39) va 42-daqiqada Sardorbek Azimovning gollari evaziga "Andijon" 1:3 hisobida oldinga chiqib oldi.

Biroq ikkinchi bo‘limda Mirjalol Qosimovdan kerakli ko‘rsatmalarni olgan OKMK jamoasi o‘yin tizginini sekin-asta o‘z qo‘liga oldi. 85-daqiqada Xurshid G‘iyosov penaltidan unumli foydalangan bo‘lsa, 90+3-daqiqada himoyadagi tartibsizlikdan foydalangan Oybek Rustamov hisobni tenglashtirdi. Shuningdek, 90+7-daqiqada X. G‘iyosov o‘z nomini yana tabloga yozdirib qo‘ydi.

Shu tariqa, olmaliqliklar muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritib, turnir jadvalida 19 ochko bilan peshqadamga aylanib oldi.

Termiz shahrida o‘tgan "Surxon" – "Paxtakor" o‘rtasidagi bahs 2:1 hisobida yakunlandi. “Jar” stadionida o‘tgan "Buxoro" – "Mash’al" bellashuvida 1:2 hisobi qayd etildi.
Bugun, 4 may kuni “Neftchi” – “So‘g‘diyona”, “Sho‘rtan” – “Dinamo” va “Qizilqum” – “Navbahor” jamoalari o‘rtasida o‘yin o‘tkaziladi va ushbu uchrashuvlardan so‘ng 8-tur yakunlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA