Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyatda barcha sohalarni rivojlantirish bo‘yicha bir qancha taklif hamda tavsiyalarni bildirdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xorazm viloyatida bo‘lib, IT sohasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami, sohani rivojlantirish uchun e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlarni o‘rgandi.
Vazir Urganch shahar hokimi bilan uchrashib, hokimlikda tashkil etilgan Yagona axborot tahlil monitoring markazi faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur Yagona axborot tahlil monitoring markazi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” stragegiyasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib,Urganch shahrini raqamli transfomatsiya qilish orqali uni “aqlli shahar”ga aylantirishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida vazirga markaz faoliyati hamda unda joriy etilgan “aqlli shahar” texnologiyalari va tizimlari to‘g‘risida taqdimot qilindi. Taqdimot davomida Urganch shahrida joriy etilgan uy-joy kommunal xo‘jaligi, ekologiya, obodonlashtirish, “mahalla yettiligi” faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizimlar alohida e’tirof etilib,ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Uchrashuvda Urganch shahar hokimi bilan Urganch shahrining “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash va rivojlantirish masalalari batafsil muhokama etildi.
Shuningdek, Urganch shahrida IT sohasini yangi bosqichga olib chiqish, IT kompaniyalar faoliyatini rivojlantirish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni IT sohasida o‘qitish kabi ustuvor masalalar muhokama etildi.

Vazir Xorazm viloyatining IT Park filialida bo‘lib, xorazmlik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.Unda oliy ta’lim muassasalari talabalari, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar hamda IT sohasiga qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan raqamli texnologiyalar vaziriga murojaat qildi. Vazir tomonidan yoshlarning barcha savollariga to‘liq javob berildi.

Xorazm viloyatida yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan “Ideaton” tanlovi hamda “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida tashkil qilingan “Web Master Challenge" musobaqasining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Sh.Shermatov Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan IT Park rezident kompaniyalari vakillari bilan ham uchrashib, ularning faoliyati bilan tanishdi. IT sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniyalarning ish jarayonlari, mavjud infratuzilma, kadrlar salohiyati hamda kompaniyalar duch kelayotgan muammolarni o‘rganib, mavjud muammolarni hal etish hamda IT kompaniyalar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Uchrashuvlarda kompaniyalar o‘z loyihalari, ishga tushirilgan servislar, eksport salohiyatiga ega bo‘lgan xizmatlar hamda yosh mutaxassislarni tayyorlash borasidagi tashabbuslarni taqdimot qilishdi.
Vazir hududiy IT ekotizimini kuchaytirish, raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish hamda IT sohasiga yoshlarni keng jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA