O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Ekologiya vazirligining "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida bahorgi ko‘chat ekish mavsumida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.
Qayd etilishicha, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida 2025 yil bahorgi ko‘chat ekish mavsumida jami 136,0 mln. tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan.

Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida 20 ta "yashil bog‘lar" barpo etish belgilangan. Bugungi kunga qadar ("yashilmakon.yeco" elektron platformasiga kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra) respublika bo‘yicha 241 gektar maydonga 248 ming 610 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Jami 27 ta, shundan Xorazm viloyatida 11 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta, Surxondaryo viloyatida 4 ta, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 2 tadan, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 1 tadan "yashil bog‘lar" barpo etilgan.
Eshituvda "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar dunyo hamjamiyati tomonidan ham keng qo‘llab-quvvatlanayotgani qayd etildi. Yaqinda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida "Barqaror o‘rmon xo‘jaligi asosida o‘rmonzorlashtirish va o‘rmon tiklash bo‘yicha harakatlar dekadasi" nomli rezolyutsiya qabul qilingani buning yaqqol isboti sifatida e’tirof etildi.

Muhokamalarda xalq vakillari mazkur loyiha doirasidagi ijobiy ishlar bilan birga, ayrim kamchiliklarga ham e’tibor qaratdilar. Jumladan, xavfli sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda daraxt ko‘chatlarini ekib, "yashil belbog‘lar" hamda yangi tutzorlar barpo etish ishlari oxiriga yetkazilmagani yuzasidan e’tirozlar bildirildi.
Sug‘orish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, hududlarda iqlimga mos, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini ko‘paytirish, daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish choralarini ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA