Malayziyaning Perlis universiteti (UniMAP) mamlakatimizdagi to‘rt yirik oliy ta’lim muassasasi – “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Termiz davlat universiteti, Fanlar akademiyasi Matematika instituti va O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika instituti bilan akademik va ilmiy sohalarda sheriklikni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda universitet prorektori doktor Zaliman Savli shtat ma’muriy markazi – Kangarda jurnalistlarga bergan bayonotida ma’lum qildi. Mazkur keng ko‘lamli hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi respublikamiz delegatsiyasining ushbu davlatga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolandi. Tadbirda Malayziyadagi elchimiz Karomiddin Gadoyev, shuningdek qator yuqori martabali hukumat amaldorlari, investitsiya va savdo institutlari vakillari ishtirok etdi.
Professor Zaliman ta’kidlashicha, kelishuv doirasida to‘rt asosiy yo‘nalish belgilab olindi. Bundan buyon birgalikda professor-o‘qituvchilar, talabalar almashinuvi, akademik mobillik va o‘quv dasturlari, amalga oshiriladi. Muhandislik va texnologiya bo‘yicha qo‘shma diplom berish joriy etiladi, turli yo‘nalishlarda umumiy texnologik tadqiqot olib boriladi, ishlanmalar amaliyotga tatbiq qilinadi. Tegishli sohalarda qo‘shma konferensiya, seminarlar tashkil etiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA