Mamlakatimizda aholi mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan xayrli ishlar bir zum to‘xtagani yo‘q.
Jumladan, bugungi kunda Xorazm viloyatining Urganch shahrida aholining jamoat transportidan foydalanish darajasi 38 foizga yetdi. Hududda yo‘lovchi tashish infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida “Bunyod yo‘lovchi tashish” korxonasi tomonidan 7,7 million dollar evaziga 80 ta zamonaviy avtobus olib kelinmoqda.

Hozirga qadar esa 50 ta avtobus keltirilgan. Natijada ularning qatnov oraliq intervali ikki barobarga qisqarib, 5-12 daqiqaga tushirildi. Aholi ehtiyojlarini hisobga olib, avtobuslar 4 ta ichki yo‘nalish bo‘ylab harakatlanmoqda. 40 ming nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan zamonaviy avtobuslar xizmatidan keksa-yu yosh birdek mamnun.
— Avval yo‘nalishda bo‘lgan avtobuslarning har biri 200-300 kishiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, yangi avtobuslarning har biri ming kishiga xizmat ko‘rsatmoqda. Avtobuslar kameralar bilan ta’minlangan, — deya fikr bildiradi "Bunyod yo‘lovchi tashish” korxonasi direktori Azamat Mustafoyev. — Perzidentimiz tashrif buyurib, yangi avtobuslarni ko‘zdan kechirdi va aholimizga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Darhaqiqat, bunday sharoitlar transport yetishmovchiligi va fuqarolarning erkin harakatlanishiga zamin yaratib, tirbandlikning oldini olishda muhim sanaladi.
Hududda faoliyat yuritayotgan – “YeVRO – 5” talablariga munosib mazkur jamoat transportlari sig‘imi 70 kishilik, 21 o‘rindiqdan iborat bo‘lib, nogironlar va boshqa yo‘lovchilar uchun keng qulayliklarga ega. Shuningdek, Wi-Fi tizimi ham mavjud.
Qayd etish lozimki, hududlar uchun korxona tomonidan tez kunda yana 30 ta avtobus olib kelinishi ko‘zda tutilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/F3M5WE6y_sA" title="Xorazmda Transport sohasi bo‘yicha aholiga yangi qulayliklar yaratilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz Rustamov, O‘zA