Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidlandi.
– Xorazm ahli hurmatini qozongan mashhur ayol rahbarlardan biri bo‘lgan Shakarjon Xo‘janiyozova 8 yil oldin olamdan o‘tgan edi. Men Shakarjon opani ko‘p yillardan buyon juda yaxshi bilar edim. Har safar Xorazmga kelganimda samimiy muloqot qilardik. U inson el-yurt tashvishi, o‘z kasbiga sadoqat bilan yashadilar. Halol va fidokorona mehnatdan bir daqiqa ham to‘xtamadilar, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari shu yil 12 iyun kuni Sh.Xo‘janiyozovaning 70 yillik yubileyini Xorazm viloyatida keng nishonlashni taklif etdi.
Bog‘otdagi ko‘chalardan biriga va o‘zi asos solgan badiiy gimnastika maktabiga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi beriladi.
Viloyatdagi faol xotin-qizlar o‘rtasida Xo‘janiyozova nomidagi rahbar ayollar tanlovi o‘tkaziladi. Jasoratli va mehnatkash ayol sifatida Sh.Xo‘janiyozovaning hayoti keng yoritiladi.
O‘zA