Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Machay qishlog‘i purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan. Pastki va Yuqori Machayga bo‘lingan ushbu go‘sha maftunkor tabiati bilan diqqatga sazovor. Shuningdek, unga tutash Qizil navr va Kentala qishloqlari birgalikda o‘ziga xos betakror manzara kasb etadi. Tabiat qo‘ynida sayr qilishni yoqtiruvchilar uchun bu manzil ayni muddao.
Ushbu qishloqlar aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, bu joylar xushta’m olmasi bilan mashhur. Deyarli har bir xonadon bog‘ida olma daraxtlari parvarishlanadi.
[gallery-23127]
Machay, Qizil navr va Kentala qishloqlarining turistik salohiyati yuqori. Shu bois, so‘nggi yillarda bu yerga dam olish uchun kelayotgan sayyohlar soni ortmoqda. Aholi imkon qadar mehmonlar uchun sharoit yaratishga harakat qilayotir. Ammo, bu yetarli emas. Hududning turizm infratuzilmasini yaxshilash, ya’ni mavjud yo‘llarni ta’mirlash, mehmonxonalar, dam olish maskanlari va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurish, aloqa va transport tizimini yaxshilash lozim. Ana shundagina hudud mahalliy aholi uchun farovonlik manbai bo‘lish bilan birga, mamlakatimizning jozibador turistik maskanlaridan biriga aylanadi.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA