Vatanimiz tarixidagi 2 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1506 yil (bundan 519 yil oldin) – o‘lim to‘shagida yotgan Xuroson hukmdori Sulton Husayn Boyqaroning ikki o‘g‘li: farzandlari ichida eng oqili va tadbirkori, taqvodor, adolatpeshasi bo‘lgan to‘ng‘ichi Badiuzzamon bilan tabiatan xudbin, o‘jar va tantiq oltinchi o‘g‘li Muzaffar Husayn qo‘llarini Qur’oni karimga qo‘yib, saltanatni bir-birlari bilan inoq, ahillik va hamjihatlikda boshqarish, o‘zaro zimdan adovat va husumat qilmaslikka arkonu davlat vakillari oldida ahdu paymon qildilar.
1868 yil (bundan 57 yil oldin) – Rossiya imperiyasi qo‘shinlari Samarqand shahrini egalladi. Voqealarni kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan tarixchi Mirzo Abdulazim Somiy qochishga ulgurmay, o‘sha kecha Samarqand muftisi Mullo Kamoliddinning uyida tunagan. Uning shohidlik berishicha, 2 may kuni ertalab Samarqand muftisi Kamoliddin bir necha oqsoqollar bilan Cho‘ponota tepaligiga kelib, shahar taslim bo‘lganini bildirgan. Shu kuni rus qo‘shinlari shaharga bostirib kirib, Samarqandni zabt etganlar.
Tarixchi Sharifa Toshovaning yozishicha, Amir Temurning poytaxti Samarqandning zabt etilishi Buxoro amirligida kuchli norozilik uyg‘otdi. Amirlikdagi vatanparvar kuchlar “muqaddas shahar”ni mudofaa qila olmagan noqobil amirga hamda rus bosqinchilariga qarshi kurashga otlandi. Qisqa fursatda bu kurash mamlakatning uchdan ikki qismini qamrab oldi va unga amir Muzaffarning to‘ng‘ich farzandi va taxt vorisi, Katta to‘ra laqabi bilan mashhur bo‘lgan Abdumalik to‘ra boshchilik qildi.
1904 yil (bundan 121 yil oldin) – o‘zbek kinorejissyori, tojik kinosining asoschisi, O‘zbekiston va Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti Komil Yormatov tavallud topdi (vafoti 1978 yil). “Alisher Navoiy” filmi (1947) unga katta shuhrat keltirdi. U bir kancha o‘zbek filmlarida aktyor sifatida ham qatnashdi. Uning ko‘plab filmlari xalqaro kinofestivallar mukofotlarini olgan.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – infeksionist olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan vrach Shabot Xo‘jayev tavallud topdi. U 1998 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1935 yil (bundan 90 yil oldin) – Toshkentda joylashgan Oqtepa GESning qurilishi boshlandi. Biroq Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan qurilish vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – kino rassomi, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Baxtiyor Nazarov tavallud topdi. U “Seni kutamiz, yigit”, “Shum bola” kabi o‘zbek filmlari, shuningdek, “Shahrizodaning so‘nggi ertagi”, “Buyuk Pyotr” kabi jahon filmlari uchun dekoratsiyalar yaratgan.
1994 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi tashkil etildi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – Toshkentda birinchi may kuni boshlangan kurash bo‘yicha birinchi jahon chempionati nihoyasiga yetdi. Unda jahonning 48 mamlakatidan sportchilar qatnashdi. Buxorolik Akobir Qurbonov, Kamol Murodov va boshqa o‘zbek kurashchilari dastlabki jahon chempionlari bo‘lishdi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – Abdulaziz Mansur tomonidan “Kur’oni karim ma’nolarining tarjimasi” tayyorlandi hamda “Toshkent islom universiteti” nashriyotida 25 ming nusxada chop etildi.
2003 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Buyuk ajdodlarimizning O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida dafn etilgan joylarini aniqlash va obodonlashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Homiylik to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2016 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat texnika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«O‘zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanalini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat oliy ta’lim muassasalari, respublikadagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalarini moddiy hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA