Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev fikricha, AQSH va Ukraina o‘rtasida imzolangan foydali qazilmalar bo‘yicha bitim Vashington Kiyevni harbiy yordam evaziga milliy boyliklarini taklif qilishga majburlaganidan dalolat.
Vashingtonda imzolangan mazkur shartnomaga ko‘ra, AQSH Ukrainadagi yangi foydali qazilmalar loyihalariga imtiyozli kirish huquqidan foydalanadi. Shuningdek, mamlakatni tiklashga sarmoya kiritadi.
Kiyev Tramp shartiga rozi
“Kiyev Post” diplomatik manbalarga tayanib yozishicha, Tramp ma’muriyati o‘sha kuni Kongressga Ukrainaga 50 million dollar yoki yanada ko‘proq qiymatga ega harbiy mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat yo‘li bilan eksport qilish rejasini taqdim etgan. Bu Tramp Oq uyga qaytgandan beri ilgari surilgan eng ko‘lamli tashabbus. Medvedev bu haqda ham ijtimoiy tarmoq orqali fikr bildirdi:
– Tramp Kiyev rejimini shunday ahvolga solib qo‘ydiki, mamlakat yordam badalini AQSHga foydali qazilmalari bilan to‘lashga majbur. Ukraina “yo‘qolib borayotgan davlat” bo‘lib, endi harbiy ta’minot uchun milliy resurslarini beradi.
Tinchlik muzokarasi sustlashgan
Mazkur kelishuv Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokarasi, deyarli, to‘xtab qolgan bir paytda imzolandi. AQSH esa bu sustkashlikdan noroziligini oshkora bildirmoqda.
Moskva muloqotga tayyorligi va uzoq muddatli tinchlik mavzusi muhokamasi uchun ochiqligini aytgan. Rasmiylar esa ayni jarayon shoshma-shosharlik bilan hal etilmasligi kerakligini ta’kidlamoqda. Kiyev 30 kunlik, hech qanday shartsiz sulh taklif qilgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 8-10 may kunlari o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusini ilgari surgan. Bu qaror Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba sanasi munosabati bilan tanlangan.
Mirhabib Sayfullayev, O‘zA