Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirayotgan barcha islohotlarda qonun ustuvorligini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Albatta, mazkur ayyom ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida ma’no-mazmunga ega. Bu, eng avvalo, 2023 yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bog‘liq, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Hech shubhasiz, xalqchil qomus bo‘lgan Asosiy qonunimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar ortga qaytmasligining, qonunlar ustuvorligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Chunonchi, qonun hukmron bo‘lgan jamiyatda albatta adolat, siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va yuksalish bo‘ladi, inson qadri, huquq va manfaatlari ta’minlanadi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi Mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz bergani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi, shu bilan bir qatorda, Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganini ifoda etadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston — inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘lishi, xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi, «odamlar tashvishi bilan yashash», barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Demokratiyaning talabu taomili va ustunligi ham shunda. Bunda qonun chiqaruvchi va ijro organlaridan inson huquqlarini ta’minlash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish; hokimiyat tarmoqlarini tiyib turish va muvozanatni saqlashda parlament rolini oshirish; davlat xizmatlari sifati va samaradorligini yaxshilash, davlat organlari faoliyatining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Shu ma’noda, joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarni xalqimizning xohish-irodasini ifoda etgan sayosiy tanlov sifatida baholash mumkin. Zero, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 128-moddasida ham fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani belgilangan. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan. Bu muhim voqea “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida, rivojlangan ijtimoiy-siyosiy muhitda, beshta siyosiy partiyaning teng raqobat kurashi ostida o‘tdi. O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazildi. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar o‘zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishdi. Saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Saylovga 2023 yil 18 dekabr kuni qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun –O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va “Referendum to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha konstitutsiyaviy qonun asosida tayyorgarlik ko‘rildi.
Bu galgi saylovning yana bir muhim jihati shundaki, unda 2023 yil umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, aholining ayrim guruhlari uchun saylov huquqlarini cheklash bekor qilindi. Bu xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi. Bundan tashqari, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra senatorlar soni 100 tadan 65 taga qisqartirildi va hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratining yangi mexanizmlari joriy etildi.
Saylov tizimini isloh qilish bo‘yicha qonunchilik jarayoni rasmiy ravishda jamoatchilik maslahatini o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu fuqarolarga o‘z takliflarini bildirish imkonini berdi. Bu esa Konstitutsiya asosida insonning siyosiy va boshqa huquq hamda erkinliklarini amalga oshirishi, davlat organlarining demokratik asosda shakllanishini ta’minlash, jamiyatning demokratik siyosiy tizimini shakllantirishga ko‘maklashish hamda demokratik institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratish kafolati hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga “dunyoviy va ijtimoiy davlat” ta’rifi kiritildi, o‘zbek xalqining farovon kelajagini ta’minlashga qaratilgan erkin bozor iqtisodining asoslari mustahkamlandi, Prezidentning ayrim vakolatlarini Parlamentga taqdim etish orqali demokratlashuv jarayoni jadallashtirildi, intellektual mulkdan tortib inklyuziv ta’limgacha bo‘lgan muhim huquqlar kafolatlandi. Ushbu konstitutsiyaviy referendum bilan xalq va davlat o‘rtasidagi “Ijtimoiy kelishuv” yangilandi va yanada mustahkamlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish uchun aholining 90 foizdan ziyodi ovoz berishi xalqimiz Prezidentga ishonayotganidan, mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlayotganidan, davlatimizning ijtimoiy va qonunchilik siyosati izchil davom etishiga chin dildan umid qilayotganidan, eng muhimi, xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganidan dalolatdir.
Bugungi O‘zbekiston marrani juda baland olgani hech kimga sir emas. Chunki globallashuv jarayonining shiddati, jahonda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarning rivojlanish evolyutsiyasi shuni taqozo etmoqda. Har bir soat, har bir kundan samarali, unumli foydalanish suv va havodek zarur. O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurt va xalqning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan boshlangan o‘zgarishlar shabodasi xalqimizga chinakam erk berdi, uning qadrini yuksakka ko‘tardi. Xalqimiz buni qalbidan his qilib turibdi. Shunga yarasha xalqimizning dunyoqarashi ham o‘zgardi. Har qanday islohotlar yo davlat tizimini o‘zgartirish yo‘lidan yoki xalq hayotini yangilash yo iqtisodiyotga qaratilganligi bilan kechishiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz, lekin O‘zbekistonda 2016 yildan boshlangan islohotlar butunlay boshqacha qiyofa kasb etdi. Islohotlar markazida inson turganligi qolgan barcha yangilanishlar mana shu insonning atrofida kechganligi butun dunyo uchun yangilik bo‘ldi, deb aytishga to‘la asoslar bor. Shuning uchun ham islohotlar negizida namoyon bo‘lgan inson nafaqat hayoti o‘zgarishini, balki butun tafakkuri yangilanishini, o‘z huquqlarini konstitutsiya ta’minlashini istashi tabiiy.
Biz shunday davrlarni boshdan kechirdikki, inson qadri butunlay toptaldi. Insonning hayoti, taqdiri, kimlarnidir xohish-istagi bilan boshqarildi. Daxlsiz huquqlar haqida gapirilar, yozilar, lekin amal qilinmas edi. Konstitutsiyani, uning asosida qabul qilingan qonunlarni istalgancha talqin qilish mumkin edi. Inson hayoti va uning qadri borasida juda ortda qolib ketgandik. Davlat qudrati uning tabiiy boyliklari bilan harbiy kuchi, iqtisodiy imkoniyatlari bilan o‘lchanadigan zamonlar allaqachon o‘tib ketgan. Bugun xalqning eng avvalo, turmush darajasi, huquqlari, intellekti, dunyoqarashi, tafakkur olamiga qarab baho berish urfga aylandi. Inson tafakkuri, insonning hayotdan rozilik darajasi, uning haq-huquqlarini so‘zsiz ta’minlanishi bu har qanday davlat qudratidan muhimroqdir. Bugun O‘zbekiston tutgan yo‘l insonni qadrlashga, insonni yaxshi ko‘rishga, insonni rozi qilishga, qaratilganligi bilan ham butun dunyoni hayratga solmoqda. Konstitutsiyani yangilash ehtiyoji ham shu talablardan kelib chiqdi. O‘zbekistonda avvalo, inson qadri birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Shuning uchun bugun O‘zbekistonning yangilanayotgan konstitutsiyasiga «Inson – jamiyat – davlat» tamoyili kiritilayotganligi bejiz emas. Inson tafakkurining mahsuli hech qachon insondan oldin yoki yuqori turishi mantiqqa zid. Biz yangilanayotgan konstitutsiyamizda insonni jamiyat va davlatdan ustun qo‘yayapmiz. Bir so‘z bilan aytganda, biz ijtimoiy davlat qurish sari yo‘l olayapmiz. Konstitutsiyada ham bu masala muhrlandi. Ijtimoiy davlatda har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari kafolatlanadi. Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. Bir inson muammosi butun jamiyatning muammosi, deb qaraladi. Insonlar o‘z tashvish va qiyinchiliklari bilan yolg‘iz qoldirilmaydi. Prokuratura organlari xodimlari Asosiy Qonunimizda mustahkamlangan normalar asosida har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlami uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga harakat qilmoqda. Xususan, ijtimoiy - iqtisodiy sohaga oid qonunlar, Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash borasida asosiy e’tibor aholini ijtimoiy muhofaza qilish, muhtoj oilalar, yoshlar va xotin - qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga qaratildi. Birgina prokurorlar sektorlaridagi “Temir daftar”ga kiritilgan 163mingdan ziyod oilalarga har tomonlama ko‘mak berildi, jumladan, ularning 175 ming nafar ishsiz a’zolarining ishga joylashtirilishi, 245 ta oilaga yangi uy-joylar qurib berilishi, 300 dan ortig‘ining turar - joylari ta’mirlanishi ta’minlandi. Ko‘rilgan choralar natijasida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalardan 156 012 tasi yoki 95 foizi Xalq deputatlari mahalliy
kengashlarining qarori asosida ro‘yxatdan chiqarildi. Prokurorlar ko‘magi bilan 50 ming nafar xotin-qizlar ishga joylashtirildi. Shu kabi, 36 ming nafar yoshlar ish bilan ta’minlandi, 7 058 nafar yosh kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish kurslariga jalb etildi.
Ming afsuski, yaqin tariximizda bunday xayrli ishlarga qo‘l urilmadi. Odamlar dardu o‘yi bidan hech kimning ishi bo‘lmadi. Muammolarni ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka olindi. Keyingi sakkiz yilda O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yigirma besh yilida qilinmagan qanchadan-qancha uy-joylar barpo etildi. Odamlar birinchi marta o‘zlarining hayoti, yashash sharoiti, davlat uchun muhimligiga ishonch hosil qildi. Shu o‘rinda bir masalaga e’tiborni qaratmoqchiman. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirildi. Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta’minlashning o‘zi bo‘lmaydi. Bunga Prezidentimiz iborasi bilan aytganda, davlat byudjetidan har yili qo‘shimcha 30-40 trillion so‘m ajratish kerak bo‘ladi. Mamlakatimizda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan ezgu tamoyil asosida qonuniylikni ta’minlash borasidagi ishlarda prokuratura xodimlari jonbozlik ko‘rsatishi lozim, deb o‘ylayman. Xalqimizning og‘irini yengil qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan dasturlar ijrosini izchil tashkil etish, atrof-muhit, tabiiy boyliklar va madaniy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, tibbiyot, ta’lim kabi sohalardagi islohotlarni davom ettirish va bu borada qonun buzilishiga murosasiz bo‘lish – prokuratura xodimlarining konstitutsiyaviy burchi va eng asosiy vazifasidir.
Darhaqiqat, yangilangan Konstitutsiyada juda muhim ijtimoiy masalalar o‘z aksini topgan. Jumladan, qomusimizda alohida modda sifatida kiritilgan ta’lim sohasi jamiyatimizdagi eng dolzarb, islohotlar talab etadigan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Birinchi navbatda o‘qituvchilar maqomini ko‘tarish, ularning qadr-qimmatini yuksakka olib chiqish Konstitutsiyada ifodasini topdi. Ustoz-murabbiylar qadrlangan davlatda, birinchi o‘rinda, yosh avlodni yetuk kadr, xalq xizmatchisi qilib tarbiyalashga zamin yaratiladi. O‘qituvchilar vazifasi barkamol avlodni tarbiyalash bilan birga, milliy qadriyatlarimiz, an’anlarimizni avloddan-avlodga olib o‘tuvchi mutaxassislar tayyorlash. Shu bois, ularning huquq va erkinligi qonun bilan mustahkamlandi.
Yangilangan Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston ravnaqining huquqiy poydevorini mustahkamlashga qaratilgan va bu jahon tajribasiga mos tabiiy jarayondir. Bir haqiqatni chuqurroq bilishimiz, anglashimiz shart. Konstitutsion islohotlar zamirida avvalo, yurtdoshlarimizga munosib hayot darajasini yaratish, haq-huquqlarini himoya etish, o‘lim jazosini taqiqlash, xususiy mulk huquqini kafolatlash, qiynoqqa solishlarni oldini olish, sud qarorisiz majburiy ushlab turishga barham berish, tazyiqlar, tahqirlarga chek qo‘yish, tadbirkorlikka g‘ov bo‘ladigan har qanday illatlar bilan murosa qilmaslik kabi insonparvar maqsadlar mujassamlashgan. Shu ma’noda, iqtisodiy sohada nazorat faoliyatini amalga oshirishda asosiy e’tibor iqtisodiyot tarmoqlarining barqarorligini saqlashga, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir vazifalar ijrosiga qaratilyapti. Olaylik, o‘tgan vaqt mobaynida 3 366 nafar tadbirkorga 537,5 mlrd. so‘mlik kredit, 317 nafariga 79,3 gektar yer maydoni, 80 nafariga bino, 551 nafariga litsenziya va ruxsatnoma berilishida, 4 938 nafariga kommunikatsiya tizimlariga ulanishida, 5 958 nafariga boshqa muammolarining hal etilishida prokuratura organlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. Prokuratura organlari ko‘magi bilan 4 293 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi, 5 701 ta sub’ektning faoliyati tiklandi, 14 299 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlandi. Misol uchun, prokuratura ko‘magi bilan Bulung‘urda 100 mln. dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash loyihasini amalga oshirayotgan “Metin Business Fruits” MCHJga 3,5 mlrd. so‘m kredit ajratilishi ta’minlandi. Natijada, loyiha bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shu jumladan, yangi dastgohlarni o‘rnatish ishlari yanada jadallashtirilib, 127 mln. dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi hamda 100 ga yaqin mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi. Kredit mablag‘lari talon-taroj qilinishining oldini olish, muammoga aylangan kredit qarzdorliklarining qaytarilishini ta’minlash ishlari ustidan nazorat yanada kuchaytirildi. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida jami 17,5 trln. so‘mlik yoki 66 foiz muammoli kreditlar qisqartirildi. Prokuratura organlarining aralashuvi bilan qarzdorliklarning 8,5 trln. so‘mi amalda undirildi, 7 trln. so‘mlik kreditlar bo‘yicha garovdagi mulklarning sotuvga chiqarilishi ta’minlandi, 1,2 trln. so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qarzdorlarning ish haqiga qaratildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb, qat’iy belgilab qo‘yilgani tarixiy ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy qonunda muhrlangan bu prinsiplar – mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon o‘zgartirilmaydi. Zero, bu tamoyillar faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishni, tengsiz va buyuk ne’mat – mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirishni ko‘zlaydi. Gapirishga oson. Istiqloldni asrab-avaylash, tinchlik va barqarorlikni asrab qolish haqida. Buning uchun mashaqqatli mehnat, ter to‘kish kerak bo‘ldadi. Davlatimiz rahbari bu borada qator vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Birinchidan, milliy xavfsizlikni ta’minlash, Qurolli Kuchlar jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga olib chiqiladi. Ikkinchidan, “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz ko‘cha” konsepsiyalari jadal amalga oshiriladi. Uchinchidan, totuvlik, millatlararo do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi. Negaki, aynan millatlararo totuvlik 130 dan ziyod millat va elatlar istiqomat qiladigan O‘zbekistonimizning eng katta boyligi. To‘rtinchidan, dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda O‘zbekiston tinchliksevar tashqi siyosatni davom ettirib, uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stlik aloqalarini, barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirib boraveradi. O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligi va suverenitetini ta’minlash maqsadida faqat milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bundan buyon ham o‘zi tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘lida tashqi siyosatini qat’iy davom ettiradi.
Konstitutsiyamizning mamlakaitmiz hududida ta’minlanishiga erishish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini, jamiyatda jinoyatlar ko‘damini kengaytirish prokuratura organlari zimmasidagi ustuvor vazifalardan. Shulardan kelib chiqib, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Joriy yil yanvar-iyun oylarida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hisobiga 15,7 trln so‘m qo‘shimcha manba aniqlanib, 7,3 trln so‘m davlat byudjetiga undirilishi ta’minlandi. Iqtisodiy jinoyatlar, xufiyona iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 4 957 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 1 123 ta ma’muriy va 3 834 ta jinoyat
ishi qo‘zg‘atildi.O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 1 085 ta yashirin sex faoliyati fosh etilib, 46,4 mlrd. so‘mlik tovar - moddiy boyliklar olib qo‘yildi, valyutaning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq 222 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 673 ming AQSH dollari va 7,7 mlrd. so‘m musodara qilindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini samarali himoya qilish maqsadida qonunchilik hujjatlarini tushuntirish va iqtisodiy huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha 30,6 mingta tadbir tashkil etildi. Tadbirkorlik bilan noqonuniy shug‘ullangan 10 890 nafar shaxsning tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tishi ta’minlandi.
Virtual va Xalq qabulxonalaridan kelib tushgan 89 595 ta murojaatdan 61 382 tasi (68,5 %) hal qilindi. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda fuqarolarning buzilgan huquqlarini amalda tiklashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada: noqonuniy hujjatlarga 419 ta protest keltirildi, 47 mlrd.so‘m zararni undirish haqida sudlarga 306 ta ariza kiritildi. 280 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 192 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan shaxsni qiynoqqa solish va qadr - qimmatini kamsitish hamda boshqa g‘ayriqonuniy xatti - harakatlar bilan bog‘liq holatlar sodir etilishining oldini olish choralari yanada kuchaytirildi. Jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimla-
rining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan kelib tushgan 69 ta ariza va xabarlarning barchasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tegishli idoralar bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati, sog‘liqni saqlash, sport, oliy ta’lim, qurilish, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik tizimidagi xodimlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, ayniqsa yo‘l qo‘yilayotgan korrupsiyaviy holatlarning sabab va shart-sharoitlari tahlil qilinib, tegishli vazirlik va idoralarning kengaytirilgan yig‘ilishlarida ularning rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi. “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun va uni amaliyotga samarali joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida belgilangan talablar ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Maqsad –Konstitutsiyamizda qat’iy belgilab qo‘yilganidek, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligiga erishish, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifalarimizdan biridir.
Xullas, davlatimiz rahbarining mamlakatimiz oldida turgan eng dolzarb vazifalarga, Konstitutsiyaning har bir moddasi, har bir bandi bajarilishi lozimli haqidagi fikrlarni har birimizni yanada mas’uliyatli bo‘lishga, yurt manfaati uchun halol va vijdonan ishlashga da’vat etishi bilan e’tiborlidir. Chiqariladigan xulosa shundan iboratki, O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy islohotlarni davom ettiradi, balki jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash uchun ham intiladi. Zero, Konstitutsiyamizda ilk bor, O‘zbekiston Respublikasiga huquqiy davlat degan ta’rif berilgani bejiz emas. Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi ta’minlanadi, degani. Prezidentimiz qayd etganlaridek, bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘ladi. Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini albatta amalda ta’minlashimiz zarur. Shu maqsadda, Asosiy qonunimizda hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoida mustahkamlandi. Ayblanuvchiga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qo‘yildi. Advokatlar maqomi oshirilib, ularning tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega ekani qayd etildi. Albatta, Asosiy qonunga kiritilgan bu ilg‘or yangiliklarni amalda joriy etish oson bo‘lmaydi. Buning uchun yurtdoshlarimizning o‘zlari ham qonuniy huquqlari uchun kurashishlari talab etiladi. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, deganlaridek, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasi, ma’naviy dunyosini yuksaltirish bilan birga, aholining ham huquqiy madaniyatini oshirish, dunyoqarashini o‘zgartirish talab etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning Konstitutsiyasi mamlakatimizning yangi bir rivojlanish davrini boshlab beryapti. Qolaversa, Bosh qomusimiz Uchinchi Renessansning poydevori, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu, albatta, barchamizdan juda katta mas’uliyat va talabchanlikni, o‘z o‘rnida, javobgarlikni talab qiladi. Ushbu omil Konstitutsiyani jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita qo‘llash amaliyotiga o‘tish imkonini berar ekan, xalqimiz Asosiy qonunning hayotbaxsh kuchi va ta’sirini o‘z kundalik turmushida teran his etaveradi.
Toshpo‘lat Matibayev,
Adolat SDP Mirobod tuman Kengashi raisi,
Xalq deputatlar Toshkent shahar Kengash deputati,
Sotsiologiya fanlari doktori, professor