Seshanba kuni “PBS”va “NPR” nashrlari o‘tkazgan “Maris” so‘rovi natijasiga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Trampning ma’qullanish darajasi pasayishda davom etmoqda. Oq uy rahbarining ikkinchi muddati birinchi 100 kuni adog‘ida uni qo‘llovchilar 42 foizga tushib, o‘tgan oyga nisbatan yana uch foiz kamaydi.
– Davlat rahbari faoliyati ma’qullanishi mart oyidagi 45 foizdan bir oz pastladi, – deyilgan hisobotda. – 53 foiz fuqaro yetakchidan norozi. Bu ko‘rsatkich avvalgi 49 foizdan bir oz yuqori.
Amerikaliklarning aksariyatiga iqtisodiy siyosat yoqmayapti. Masalan, yangi savdo tarifi joriy etish yo‘lidagi harakatni qoralaganlar 58 foizga chiqqan.
Avvalroq “YouGov” sotsiologlari ham “CBS” telekanali orqali o‘tkazilgan so‘rovga tayanib, boshqaruvni ma’qullash reytingi pasayganini qayd etgandi.
Tramp bunday so‘rovlarga ishonmaydi
Amaldagi Prezident Michiganda bo‘lib o‘tgan mitingda o‘zining mashhur emasligini ko‘rsatayotgan so‘rovlarga ishonmasligini ta’kidladi:
– Biz soxta so‘rovlarga qarshi kurashishimiz kerak. Tadqiqotchilar respublikachilardan ko‘ra ko‘proq demokratlardan intervyu olyapti. So‘nggi bir necha kun ichida shu holatni tekshirib ko‘rdim. Ishonchli so‘rovlar ko‘rsatadiki, meni 40 emas, balki 60 foiz aholi qo‘llab-quvvatlayapti.
Tramp kongressmenni “jinni”ga chiqardi
Oq uy rahbari chorshanba kuni impichment rezolyutsiyasini taqdim etgan kongressmenni masxaralab, “aqldan ozgan” dedi.
AQSH Demokratik Kongressi a’zosi Shri Tanedar avvalroq Trampga yetti ayblov, jumladan “hokimiyatni zo‘ravonlik bilan suiste’mol qilish” yuzasidan taqdimnoma kiritgan edi. Bu Prezidentning ikkinchi muddati davridagi birinchi shunday urinish. Binobarin, ayni so‘rov tasdiqlanishi amri mahol. Zero, Parlamentda respublikachilar ko‘pchilik.
Avvalroq “Axios” portali maslahatchilar Trampga qarshi impichment loyihasi ilgari surilgan taqdirda foydalaniladigan qarshi turish strategiyasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi. O‘shanda kelasi yil oraliq saylovda demokratlar Kongress ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi mumkinligi taxmin qilingan. Shu bois har qanday holatga tayyor turish zarurligi ta’kidlangan.
S.Rahimov, O‘zA