Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilinganligiga ikki yil bo‘ldi. Ikki yil oldin 30 aprel kuni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi referendumda umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan edi. O‘tgan qisqa vaqtda asosiy Qonunimizning normalari hayotimizdagi tub o‘zgarish va jadal taraqqiyotning ishonchli huquqiy asosi sifatida namoyon bo‘ldi.
Ushbu huquqiy hujjatda inson huquqlariga oid normalarning uch baravardan ortiqqa oshirilganligi hamda insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilanishi inson manfaatlarini oliy darajada kafolatlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy davlat prinsiplariga oid normalarni kuchaytiruvchi, xususan, sifatli ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi tizimini yaratish, ishsizlikdan himoyalanish, uy-joyga ega bo‘lishga qaratilgan qoidalar bilan yanada takomillashtirilishi bilan bog‘liqdir.
Shu bilan birga, erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi qoidalar mustahkamlandi.
Konstitutsiyada barchaning – bir tomondan davlat va uning organlari tizimi, ikkinchi tomondan inson, fuqaro va jamiyatning huquq va majburiyatlari aniq va lo‘nda qilib, hamma uchun tushunarli tarzda bayon etilganligi O‘zbekistonning yanada barqaror bo‘lishiga va har qanday tahdidlarga qarshi tura olish qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xalqchil davlat va demokratik tamoyillarga asoslangan erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar xalqaro darajada keng e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizning xalqaro darajadagi imiji va obro‘si yuksalmoqda. Xususan, mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 166 ta mamlakat orasida 69-o‘rinni, Inson kamoloti indeksida 191 ta mamlakat orasida 101-o‘rinni, Huquq ustuvorligi indeksida 167 ta mamlakat orasida 78-o‘rinni egalladi.
Mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida olib borilgan tub demokratik islohotlar natijasidir. Prezidentimiz tomonidan millati, tili va dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirish ezgu maqsad sifatida belgilandi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining qabul qilinishi esa ushbu islohotlarni sifatli ta’minlashga zamin yaratdi.
Joriy yilning 5-9 aprel kunlari mamlakatimizda nufuzli xalqaro tadbir – Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir o‘z ahamiyatiga ko‘ra jahon parlamentlari hamjamiyati va mamlakatimiz rivoji uchun alohida o‘ringa ega bo‘ldi. Anjumanda dunyoning 180 dan ortiq mamlakati, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2000 ga yaqin delegatlar ishtirok etdi.
Assambleya ishtirokchilari keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlarga yuksak baho berdilar. Xususan, inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish va gender tenglikni ta’minlash masalasida erishilgan yutuqlar namuna sifatida ko‘rsatildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlariga oid muhim yangiliklar sifatida quyidagilarni alohida ko‘rsatish zarur:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etuvchim hujjat ekanligi belgilandi (15-modda). Inson huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi, inson huquq va erkinliklari qonunlarining, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashi alohida ko‘rsatildi.
Ikkinchidan, davlat tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi belgilandi. Zero, qonunning asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishdan iboratdir. Ya’ni, qonunlar kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklashi mumkin emas. Aksincha, qonunlar vositasida jamiyat huquqiy jihatdan tartibga solinadi, insonlar hayoti barqarorlashtiriladi va bir maromda ketishi ta’minlanadi.
Ushbu qoida fuqarolarning davlat idoralari bilan bo‘layotgan munosabatlarida yuzaga keladigan qator muammolarni hal etib, o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi. Mazkur norma qonunlar va boshqa qonun hujjatlarida ham belgilangan, mansabdor shaxslar qarorlari va faoliyatida qo‘llanilgan huquqiy ta’sir choralari ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi, insonlarga moddiy va ma’naviy ziyon yetkazilmasligining oldini olishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yildi (20-modda). Davlat va inson o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar turli tushunmovchiliklarga, inson va fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga olib keladi.
Masalan, Soliq kodeksining o‘zida muayyan bir masala yuzasidan turlicha norma belgilangan bo‘lishi yoki tadbirkorlikka oid bitta qonunda boshqa norma, ikkinchi qonunda boshqacha norma belgilangan bo‘lishi mumkin. Bunday nomuvofiqlikni, tabiiyki, soliq organi davlat foydasiga, fuqaro esa o‘z foydasiga talqin qilinishini xohlaydi. Konstitutsiyaga kiritilgan norma esa shunday nomuvofiqliklar davlat emas, inson foydasiga hal etilishini ta’minlaydi. Ushbu prinsipning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi inson manfaatlari ustunligi asosida “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklari sezilarli kengaytirildi. Yangi huquqlar va erkinliklar belgilandi. Buni avvalgi “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar” bobi, “Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar” deb o‘zgartirilganida ham ko‘rish mumkin. Avvalgi Konstitutsiyamiz tahririda inson huquqlari uchun 23 ta modda ajratilgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada 34 ta modda mavjud bo‘ldi hamda 11 ta yangi modda qo‘shildi. Inson huquqlariga taalluqli moddalardagi normalar 37 tadan 98 taga ko‘paydi. Bu degani faqat yangi moddalar qo‘shilib qolmay, yangi normalar bilan boyitildi.
Umuman olganda, yangilanish natijasida Bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Konstitutsiyamiz mazmunan 65 foizga yangilandi.
To‘rtinchidan, Konstitutsiyamizda fuqarolarning siyosiy sohadagi huquqlarni ham kengaytirildi, unga mutlaqo yangi “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar” degan qoida kiritildi (37-modda). Bu fuqarolarning davlat boshqaruv ishlarida ishtirokiga teng imkoniyat yaratadi.
Konstitutsiyaga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirishni taqiqlovchi qoida kiritilishi esa ayollarning jamiyatdagi o‘rni munosib bo‘lishiga qaratilgan e’tibordir. Bugun ayol-qizlarimizni davlat boshqaruvida, siyosatda, ijtimoiy sohaning barcha yo‘nalishlarida, qurilish va sanoatda, tadbirkorlikda, qo‘yingki, barcha soha va yo‘nalishlarda erkaklar qatorida baravar faoliyat olib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, bugungi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 45 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda qariyb 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda ikki yarim barobar oshib, 7,7 foizga yetgani e’tiborli. Vazirlik va idoralardagi xodimlarning 49 foizi xotin-qizlardir.
O‘tgan 2024 yilgi saylovlar natijasida Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 57 nafarini yoki 38 foizini ayollar tashkil etgani mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Senat a’zolarining qariyb 27 foizi yoki 16 nafarini, mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarning 32,6 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Natijada Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingda parlamentdagi xotin-qizlar salmog‘i bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi 193 ta davlat o‘rtasida 49-o‘rindan 34-o‘ringa ko‘tarildi.
Beshinchidan, har kimning uy-joyi bo‘lish huquqi, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqi, o‘qituvchilarning maqomi alohida belgilanishi, sha’ni, qadr-qimmati himoya qilinishi, ularga alohida g‘amxo‘rlik qilish kerakligi, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi konstitutsiyaviy darajada belgilangani O‘zbekistonning xalqparvar davlat ekanligidan dalolat beradi.
Davlat zimmasidagi majburiyatlarning oshganligini Konstitutsiyamizning mazmunini tahlil qilganimizda yaqqol ko‘rish mumkin. Masalan, Konstitutsiyamizning 20 ta joyida davlat muayyan majburiyatni amalga oshirishi bo‘yicha “ta’minlaydi” deb belgilangan, 17 marotaba “sharoit yaratadi”, deb belgilangan, 16 marotaba “kafolatlaydi” yoki “kafolatlanadi”, deb belgilangan. Shuningdek, 3 marotaba davlat mas’uliyatini kuchaytirish nuqtai nazaridan “ko‘maklashadi” degan iboralar qo‘llanilgan.
Oltinchidan, davlatimizning ijtimoiy davlat ekanligi belgilanib, davlatning aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy majburiyatlari mustahkamlandi. Xususan, mehnatga layoqatsizlar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, aholining ehtiyojmand qismi, xotin-qizlar huquqi alohida himoyalanishi belgilandi.
Fuqarolarning ta’lim olishga oid huquqlari kengaytirildi. Xususan, davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi, deb belgilandi. Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim-tarbiya ta’minlanishi belgilandi.
Bugungi kunda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 6 ming 915 taga va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 31 ming 140 taga (864 ta xususiy, 28 ming 739 ta oilaviy va davlat-xususiy sheriklik asosidagi 1 ming 537 ta nodavlat) yetkazildi (ushbu raqamlar oshib bormoqda). Natijada 2 million 320 ming 269 nafar yoki 76 foiz bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi. Shuningdek, konstitutsiyaviy norma ijrosi yuzasidan mamlakatimizda 420 ta umumta’lim maktablarining 950 ta inklyuziv sinflarida 1 ming 845 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar 6 karra oshirildi. Ushbu mablag‘lar 2017 yilda 5,9 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 33,5 trln. so‘mga yetdi, 2025 yilda esa 41 trln. so‘m ajratildi. Hozirgi kunda aholi salomatligini muhofaza qilish uchun 4 000 dan ziyod tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda.
Yettinchidan, Konstitutsiyamizda inson va fuqarolarning huquqlari kafolatlari tizimi, fuqarolarga o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatlari kengaytirildi. Xususan, har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli ekanligi belgilandi. Har kim qonunchilik va xalqaro shartnomalarga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilishiga haqli ekanligi o‘z ifodasini topdi.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 133-moddasida fuqarolar agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishga haqli ekanligi belgilandi. Mazkur qoida fuqarolar huquqi kafolatlarini kuchaytirishi bilan birga, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini kuchaytirishga xam qaratildi.
Konstitutsiyamizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi, fuqarolik institutlarining huquq va erkinliklariga rioya qilish kafolatlari, ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berishga oid tamoyillar mustahkamlab qo‘yilgan. Bu borada qabul qilingan jami ikki yuzdan ortiq qonun hujjatlari mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini izchil rivojlantirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari son jihatdan ham o‘sib bormoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda 9 ming 600 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti mavjud hamda 30 dan ortiq xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlarning filial va vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Bu esa davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ular bilan faol hamkorlik qilishga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, bugungi ochiqlik sharoitida fuqarolik jamiyati institutlarining nazorat faoliyati ham ta’sirchan mazmun kasb etmoqda.
Sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika byudjetidan salmoqli mablag‘lar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2017 yilda nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan 12 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa, 2023 yilda 268 mlrd. 172 million so‘m yoki 2017 yilga nisbatan 22 barobar ko‘p mablag‘ ajratilgan. NNTlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning dolzarbligini va mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi ahamiyatini inobatga olgan holda hozirda ham bu siyosat davom ettirilmoqda.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy mezonlaridan biri — bu uning huquqiy negizini yaratishdan iborat bo‘lganligi bois, birinchi navbatda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolik jamiyatining huquqiy poydevorini o‘rnatishga, uning asosiy qoida va talablarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi huquqiy normalarning o‘z ifodasini topishiga alohida e’tibor berildi. Ta’kidlash joizki, fuqarolik jamiyati hokimiyatning oqilonaligi va odilonaligi, shaxs erkinligi va farovonligi haqidagi g‘oyalarning huquqiy ustunligi, huquq va qonunning birligi, davlat hokimiyatining turli tarmoqlari faoliyati funksiyalarining ma’lum qismini o‘z zimmasiga olish bilan mushtarakdir.
Shunga asosan, Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash borasida quyidagilar belgilandi:
ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritilib, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi belgilandi;
davlat tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash, ularga jamiyat hayotida ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratish vazifasi mustahkamlandi;
Vazirlar Mahkamasiga fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish vazifasi yuklatildi;
fuqarolik jamiyati institutlariga O‘zbekiston Respublikasi byudjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolati berildi.
Jahonda demokratlashtirish jarayonlarining muvaffaqiyati jamiyat hayotiga daxldor qaror va dasturlarning qabul qilinishida, innovatsion tashabbuslar, jamoatchilik nazorati, shaharsozlikni rivojlantirishda fuqarolarning yuqori darajadagi ishtiroki bilan belgilanmoqda. Xalqaro amaliyotda rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyot strategiyalarini ishlab chiqish va joriy qilinishida fuqarolar tashabbusiga katta ahamiyat berilmoqda. Demokratiya fenomenining yirik tadqiqotchilaridan bo‘lgan Aleksis de Tokvil: “Dunyodagi mamlakatlar orasida eng demokratik mamlakat fuqarolari maqsadga yetishishida o‘zaro maslahatlashish asosida ish ko‘radigan va mazkur jamoaviy harakat usulini boshqalardan ko‘ra ko‘proq qo‘llaydigan mamlakatdir”, degan edi.
Binobarin, davlatimiz rahbari “Biz yangi O‘zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug‘vor maqsadni o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Bu borada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Islohotlarning amaliy natijadorligini oshirishda, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faolroq, yanada tashabbuskor bo‘lishiga erishmog‘imiz lozim”ligini alohida ta’kidlagan edi.
Fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekistonda aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, shaxs huquqlarini ta’minlash va himoya qilish, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Shu sababli, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari kelgusida ham davom ettiriladi.
Fuqarolik jamiyatining rivojlanishi uchun jamiyatda ochiqlik va oshkoralik ta’minlangan bo‘lishi, fuqarolik jamiyati institutlarining axborot olish kafolatlari ta’minlangan bo‘lishi joiz. Shu sababli mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta’minlash borasidagi mexanizmlar kuchaytirildi.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan yangi norma va prinsiplar “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirishga mustahkam asos bo‘ldi. Shu bilan birga, konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Xushvaqt Hayitov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
yuridik fanlari doktori, professor.
O‘zA