Hindistonning Jammu va Kashmir mintaqasida sodir etilgan terror harakatidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat yana avj oldi. Shunday murakkab bir sharoitda Pokiston axborot vaziri Atoullo Taror hind tomoni tez orada qo‘shni mamlakatga zarba berish ehtimolini istisno qilmayapti.
– Hindiston yaqin 24-36 soat ichida Pahalgam hodisasini bahona qilib, Pokistonga harbiy hujum uyushtirish niyatidaligi haqida ishonchli ma’lumotga egamiz, – deb yozgan mulozim ijtimoiy tarmoq orqali. – Har qanday bosqinchilik harakati Islomobod tomonidan qat’iy javob bilan kutib olinadi.
Har ikki davlat yadro quroliga egaligi bois yanada kuchayishi mumkinligi aytilayotgan keskinlikka yana bir necha sabab ham ko‘rsatilyapti. Masalan, pokistonlik senator Sahar Kamron “RIA Novosti” agentligiga bergan intervyusida aytishicha, Hind daryosidan Pokistonga oqayotgan suv to‘silishi ehtimoli yadro urushini qo‘zg‘atishi mumkin ekan.
– Pokiston obi hayotga “hayotiy milliy manfaat” sifatida qarashi, Hindiston esa suvdan strategik vosita sifatida foydalanishini hisobga olsak, mojaro yadroviy tus olishi ehtimoli mavjud, – deydi parlamentariy. – Pokiston Hind daryosi tizimiga qaramligi juda muhim jihat: ayni miqdor sug‘oriladigan yerlarning 80, qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining 93 va yalpi ichki mahsulotning 25 foiziga teng. Shuning uchun “suv rejimining har qanday buzilishi mamlakat uchun dahshatli oqibat keltirib chiqaradi. Bunday holatga Islomobod boshqa ikki tomonlama kelishuvlarni bekor qilish orqali javob qaytaradi.
Hind suvi shartnomasi bu ikki qo‘shni el o‘rtasida suv resursi taqsimlanishni tartibga soluvchi kelishuvdir. 1960 yil imzolangan shartnomaga ko‘ra, Hindiston sharqiy daryolar – Ravi, Bis va Sutlej ustidan nazoratni ta’minlaydi. Pokiston esa Hind, Jelum va Chenab kabi g‘arbiy daryolar oqimini muvofiqlashtiradi. Bitimaga ko‘ra, Hindiston g‘arbiy daryolar Pokiston tomon oqishiga ruxsat berishi shart. Faqat ayrim mustasno holatlar bor. G‘arbiy daryolar Hind havzasi umumiy oqimining 80 foizidan ko‘pini tashkil etadi.
Yuzaga chiqqan keskinlik BMT rahbariyatini ham befarq qoldirmadi. Kuni kecha Bosh kotib Antoniu Guterrish vaziyatni yumshatish maqsadida tomonlarga yordam taklif etgan. Bu haqda uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, jahon tashkiloti rahbari seshanba kuni Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan telefon orqali muloqot qilgan. Bosh kotib mojaro avj olayotganidan chuqur xavotir bildirib, fojiali oqibatga yetaklashi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilikdan qochish zarurligini ta’kidlagan.
S.Rahimov, O‘zA