Ko‘pchilik ota-onalar o‘g‘li yoki qizi juda tez ulg‘ayayotgani, hatto o‘zidan kattalarga aql o‘rgatayotganidan nolib qolishadi. Ota-onalarning do‘stona maslahatlariga bolalar tomonidan “qanday kiyim kiyish shaxsiy ishim”, “siz tuqqan onamsiz, bu degani hamma narsani siz hal qilasiz, degani emas” degan g‘ayritabiiy javoblar qaytarilmoqda.
Bunday holatlar jamiyatimizdagi aksariyat oilalarning muammosiga aylanib ulgurgan. Shunga qaramasdan ota-onalar o‘zlarini emas, balki bunda jamiyat va maktablarni aybdor deb bilishadi.
Aslida-chi, bolalardagi bunday o‘zgarishlar nimaning ta’sirida yuzaga kelmokda?
–Bundan o‘n yillar oldin balog‘at yoshi, ya’ni o‘smirlik davri 11 yoshgacha deyilgan bo‘lsa, hozir bu davr 9 yoshdan boshlanyapti, – deydi psixolog Shoira Isoqova. – Nima uchun? Birinchidan, rivojlangan zamonaviy texnologiyalar davrida 1-2-sinf o‘kuvchilarida ham telefon bor va ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri kattalar eshitishi kerak bo‘lgan axborotlarni qabul qilyapti.
Ikkinchidan, telekanallarda berilayotgan multfilmlarda agressivlik, nafrat, yosh bolalarning obrazlari erka, tanti qilib ko‘rsatilyapti. Shu bilan birga, hayvonot olami obrazi orqali kattalar o‘rtasidagi sevgi-muhabbat, ishqiy munosabatlar va kattalarning muammolari aks etgan sahnalar hali aqlini tanib ulgurmagan yosh avlodning hayotga norozilik kayfiyatida bo‘lib qolishiga olib kelyapti.
– Bizning ongimizga tushayotgan har bir axborot tanamizga, gormonal tizimimizga ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, hozir hissiyotlarni o‘yg‘otadigan axborotlar juda ko‘p. Bolalar sevib tomosha qiladigan multfilmlarning tag zamirida ularning ongiga ta’sir qiladigan, kattalarga xos bo‘lgan ma’lumotlar singdirilgan. Tashqaridan kuzatgan odam bolam multfilm ko‘ryapti, deb ahamiyat bermasligi mumkin. Lekin uni e’tibor bilan tomosha qilsangiz, ma’nosi umuman boshqacha ekanini tushunasiz, – deydi Sh.Isoqova.
Bolalarning erta ulg‘ayayotgani sabablarini sanab chiqdik. Xo‘sh, bu holatning sababchisi kimlar?
Aslida bolaning ruhiy jihatdan erta ulg‘ayishiga biz ota-onalar sababchi bo‘lyapmiz. Ya’ni, bola bilan vaqt o‘tkazish, u bilan band bo‘lish o‘rniga uni ekran oldiga o‘zimiz yetaklab boryapmiz. Ota-onalar, ayniqsa, onalar farzandi yig‘lasa yoki xarxasha qilsa, darhol qo‘liga telefon tutqazadi, nima sababdan yig‘layapti qiziqmaydi. Jim bo‘lsa bas. Atrof bilan muloqotda bo‘lmagan bola esa haqiqiy hayot virtual olamda deb o‘ylaydi.
Farzand katta bo‘lib, nazoratga olinishni xohlamasligi bu kerakli vaqtda bolaga e’tibor qaratilmagani, jonli muloqotning kam bo‘lganidan.
Bolalik davridan farzandiga erkinlik berib, tinch qo‘yishini istagan ota-onalar bolasining ulg‘ayayotgan paytidagi o‘zgarishlarni ko‘rib xavotirga tushishadi va nazoratga o‘tishadi. Bu o‘z-o‘zidan bolada oilasiga nisbatan nafrat uyg‘otib yuborishi mumkin. Bunday holatlarda bola vaqtlar davomida olib kelgan virtual olamdagi tarbiyasini namoyon qilishni boshlaydi. Aynan shu davrda u nimalarni tomosha qilgani yuzaga chiqadi.
Shoira Isoqova bolasining yaxshi tarbiya olishini istagan ota-ona uning qiziqishiga qarab to‘garaklarga berishi lozimligini tavsiya qiladi. Misol uchun, robototexnika, rasm chizish, musiqa, shaxmat-shashka, undan tashqari sport mashg‘ulotlariga berish foydali.
Muammoni yechishning eng samarali usuli onalar bola bilan ko‘proq gaplashishi, uni tinglashi va muammolariga do‘stona ko‘z bilan qarab, yechim topishga ko‘maklashishlari zarur. Aks holda bola ota-onasidan, oilasidan olishi kerak bo‘lgan barcha narsani virtual olamdan izlaydi.
Nigora Rahmonova, O‘zA muxbiri