Mahalliy politsiya mahkamasi tasdiqlagan ma’lumotga ko‘ra, Shvetsiyaning Uppsala shahridagi sartaroshxonada otishma sodir etilib, uch kishi hayotdan ko‘z yumgan. Skuterda qochib ketgan jinoyatchi hamon ozodlikda qolmoqda, deb yozdi BBC.
Harbiylar kattagina hududni o‘rab oldi, qotillik yuzasidan tergov olib borilyapti.
Ma’lum bo‘lishicha, qurbonlardan biri jinoiy guruh yetakchisining qarindoshiga qarshi rejalangan hujum bo‘yicha so‘roq qilinayotgan ekan.
Afsuski, Shvetsiyada so‘nggi yillarda otishma va uyushtirilgan hujum holatlari ortmoqda. Shu bois hukumat qurolga aloqador qonunlarni kuchaytirmoqchi.
Voqeaga munosabat bildirgan adliya vaziri Gunnar Stryommer hodisani “shafqatsiz zo‘ravonlik harakati” deya ta’rifladi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Orebro shahridagi katta yoshlilar ta’lim markazida yuz bergan otishmada 10 kishi halok bo‘lgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA