Toshkentda davom etayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasini aylanar ekansiz bugun iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, agrar va boshqa xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida qanday o‘zgarishlar ro‘y berayotganini, dunyoda mahsulot ishlab chiqarish qaysi yo‘ldan borayotganini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Bu yerni kuzata turib qator sohalarda inson omili kamayotganini, texnika va texnologiya avtomatlashtirilayotganini, sanoatga jadal robotlar kirib kelayotganini his qilasiz.
Tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar, Xitoy, Hindiston va boshqa o‘nlab mamlakatlarning mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo sanoati, transport, qurilish, IT yo‘nalishidagi ilg‘or texnologik yechimlari, zamonaviy uskunalar va tayyor sanoat mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Quvonarlisi ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlarning katta qismini mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan taqdim etilgan va 100 dan ortiq yetakchi o‘zbek kompaniyalaridan namoyish etilgan 500 dan ziyod zamonaviy uskuna va texnologiyalar ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini tortdi.
Albatta bunday tadbirlar avvalo milliy brendlarimizning jahon bozorlariga chiqishi uchun ulkan imkoniyatdir va tadbirkorlarimiz mahsulotlarini xalqaro miqyosda namoyish etish, yangi hamkorlar topish hamda eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Masalan, tibbiyot uskunalarini ishlab chiqaruvchi birgina andijonlik tadbirkor tomonidan 20 xil mahsulot taqdim etilgan. Ko‘rgazmaning ikkinchi kunida ushbu mahsulotlardan 650 million so‘mlik buyurtma Surxondaryo tibbiyot muassasalari uchun shakllantirildi. Ana shunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Chunki, bu yerda xorijiy va mahalliy korxonalarimiz uchun mahsulotlar bilan yaqindan tanishib, qulay shartlarda xarid qilish imkoni yaratilgan.
Ko‘rgazma uchun ajratilgan 18 ming kvadrat metrdan iborat maydonda bo‘sh joyni uchratish mushkul. Bu yerda nafaqat mahsulotlarni namoyish qilish, balki plenar yig‘ilishlar, sessiyalar, davra suhbatlarida ishtirok etib, sanoat sohasidagi yangiliklarini bilib olish, V2V formatidagi uchrashuvlar orqali sheriklar topish uchun qulay muhit yuzaga kelgan. Bu esa uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga imkon beradi.
- Men Rossiyaning “Bastion” kompaniyasi vakiliman. Bizni korxona Sankt-Peterburgda joylashgan, - deydi rossiyalik ko‘rgazma ishtirokchisi Mixail Nikifirov. - Ko‘rgazmada asfalt ta’mirlovchi yangi qurilma bilan ishtirok etmoqdamiz. Bu asfaltni shikastlangan joyida tez va samarali ta’mirlaydi. O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tdi va buyurtmachilarimiz buni ko‘rib ijobiy xulosaga kelishdi. Ushbu avtomobil hozirda yo‘l xizmati tomonidan qabul qilindi. Bugungi ko‘rgazmada ham ushbu qurilmalarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Biz bajonidil O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyormiz va bu texnikalarimiz oxirgisi bo‘lib qolmaydi va hamkorligimiz davom etadi.
Ko‘rgazma besh yildan buyon an’anaviy davom etadigan biznes platformaga aylandi. Bu esa nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqa tadbirkorlarining o‘z biznesini yangi bosqichga olib chiqadigan tizim sanaladi. Shu jihatdan ham unda ishtirok etadigan delegatlar soni ko‘payib, tuzilayotgan shartnomalar miqdori ham yildan yilga oshib bormoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oRcI4X5XHlc" title="INNOPROM - sanoatchilar ko‘rgazmasining ikkinchi kuni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA