Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror byurokratik talablar va jarayonlarni bekor qilish orqali ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish va arxiv tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish hamda mazkur davlat xizmatini foydalanuvchi uchun qulay shaklda ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan jami 1,14 million saqlov birligidagi 85,6 million kadr raqamlashtirildi. 2025 yil 1-choragi davomida O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan 31,4 ming saqlov birligidagi 3,9million kadr raqamlashtirildi.
Hisobot davrida “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimiga jami 310 ming 594 ta ma’lumot kiritildi, shundan 491 ta ro‘yxat, 89 ming 231 ta saqlov birligi, 220 ming 911 ta hujjat bazasi yaratildi. Arxiv hujjatlari asosida 78 ming 826 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar ijrosi bajarilib, ulardan 72 ming 458 tasi ijobiy hal etildi, 6 ming 368 tasi bo‘yicha esa tegishli tushuntirishlar berilgan.

Tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmagan va taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan so‘rovlar 32 ming 461 tani, hisobot davrida ijrodagilar 8 ming 782 tani tashkil etadi.

Bundan tashqari, 73 ta davlat organi va tashkilotida arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazorati tadbirlari o‘tkazildi. Davlat nazorati tadbirlari natijasida 67 ta tashkilotga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritildi. Tekshirishda aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha 15 nafar mas’ul xodimga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sud organlariga yuborildi.

Shuningdek, arxiv hujjatlari asosida 27 ming 366 ta so‘rovlar ijrosi bajarilib, shundan davlat arxivlariga 25 ming 127 ta, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga 2 ming 239 ta so‘rov kelib tushgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA