Intellektual resurslar mamlakat rivojini ta’minlaydigan muhim omillardan.
Shu bois yurtimizda intellektual mulkni muhofaza qilish tizimini soddalashtirish, jumladan talabnoma beruvchilarni intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida yuzaga keladigan ortiqcha byurokratik to‘siqlardan xoli etish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar natijasi o‘laroq, 2024 yilda ixtirolar soni 2020 yilga nisbatan 10 foizga, foydali model 160 foizga oshgan. Ro‘yxatdan o‘tgan intellektual mulk ob’ektlari 2024 yil holatiga 21 ming 985 tani tashkil etib, 46 foizga oshgan.
Ushbu raqamlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov tomonidan aytib o‘tildi. Majlisda intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Vazir o‘rinbosari qayd etganidek, mazkur loyiha intellektual mulk ob’ektlarini yaratish ko‘lamini oshirish va mualliflarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Qonun loyihasi bilan sanoat mulki ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarida talab qilinadigan davlat boji to‘langanini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishni bekor qilish belgilanmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni va ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish uchun amalga oshiriladigan tekshiruv muddati aniq belgilanmagan. Qonun loyihasida esa elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni va ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan talabnoma va unga ilova qilingan hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish muddatini 10 kun etib belgilash nazarda tutilyapti.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilikdagi intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-taomillarining soddalashtirilishiga, ortiqcha talablarning bartaraf etilishiga hamda intellektual mulk egalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA