Global statistik siyosatni shakllantirish, milliy tajriba va islohotlarga oid yutuqlarini namoyish etish, xorijiy tajribalarni o‘rganish borasida yurtimizda samarali ishlar tashkil etib kelinmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash orqali yanada kengroq imkoniyatlarga yo‘l ochiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Statistika komissiyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 2026-2029 yillarga a’zo davlatlarni saylash jarayonida O‘zbekiston ilk marta ushbu organ a’zosi etib bir ovozdan saylandi.
– O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamroyev boshchiligida 22 aprel kuni BMT Statistika departamenti direktori Stefan Shvaynfest bilan uchrashdik, – deydi Statistika qo‘mitasi Xalqaro munosabatlar va reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Noipov. – Unda O‘zbekistonda statistika tizimini takomillashtirish, Milliy statistika qo‘mitasini transformatsiya qilish masalalari, xususan, uslubiyotlarni xalqaro tashkilotlar tamoyillari va tavsiyalari bilan uyg‘unlashtirish kabi masalalarni muhokama qildik.

Sohada xodimlar malakasini oshirish, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish kabi mavzular o‘rtaga tashlandi. Uchrashuvda Stefan Shvaynfest O‘zbekiston BMT Statistika komissiyasiga ilk bor a’zo bo‘lganligini e’tirof etdi.
– Statistika komissiyasiga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga qanday imkoniyatlar beradi?
– Statistika komissiyasiga to‘liq a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun global statistik siyosatni shakllantirishda ishtirok etish, milliy tajriba va islohotlarga oid yutuqlarni namoyish etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi. Bugungi kunda Komissiya 24 ta davlatdan iborat bo‘lib, universal statistika standartlari va metodologik prinsiplarga oid ishlarni muvofiqlashtiradi. Unga davlatlar to‘rt yilda bir marta geografik taqsimotni hisobga olib saylanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Xalqaro statistika sohasining rivojlanishini belgilovchi ushbu hukumatlararo tashkilot 1947 yilda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (IIK) tomonidan funksional organ sifatida faoliyatini boshlagan.
A.RUSTAMOV, O‘zA