Senat yalpi majlisida ma’ruza qilgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimiz Prezident boshchiligida keng qamrovli islohotlar yo‘lidan borayotganini qayd etdi. Barcha sohalarda, hududlarda yangilanish va ulkan bunyodkorlik ishlari shiddat bilan amalga oshirilmoqda.
Yaqinda davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrif buyurib, viloyatda Yangi O‘zbekiston shukuhi har bir tuman, har bir mahallaga kirib borayotganini alohida qayd etdi. Yarim million aholi istiqomat qiladigan Yangi Andijon shaharchasi hamda ko‘rkam “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining qad ko‘targani hududlarni rivojlantirish, xalqimizni rozi qilish yo‘lidagi eng yorqin bunyodkorlik namunalaridan biri bo‘ldi.
– Prezidentimizning taklifiga ko‘ra, Yangi Andijon shaharchasiga buyuk ajdodimiz – Bobur nomi berilgani nafaqat andijonliklar, balki barcha yurtdoshlarimizning qalbini g‘urur va iftixorga to‘ldirdi, – dedi T.Norboyeva. – Umuman olganda, tarixan qisqa davrda ko‘lga kiritgan natijalarimizni butun dunyo e’tirof etmoqda. Olib borilayotgan faol tashqi siyosat mamlakatimizning nafaqat mintaqada, balki global darajada nufuzini oshirmoqda. Tinchlik, barqarorlik, hamkorlik va taraqqiyot masalalariga bag‘ishlangan muhim xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilish O‘zbekistonni jahon siyosati markazlaridan biriga aylantirmoqda.
“Kelajakka sarmoyalar” shiori ostidagi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yaqinda aynan yurtimiz (Samarqand)da o‘tkazilgani – xalqaro maydonda islohotlarimizga bo‘lgan ishonch va yuksak e’tirof belgisidir.

Bunday e’tirof dunyo hamjamiyati bilan barcha sohalarda teng, manfaatli va ishonchli hamkorlik rishtalarining yangi istiqbollariga zamin yaratishi shubhasiz.
Xalqaro aloqalarimizning kun sayin kengayib, yangicha mazmun bilan boyib borayotgani parlamentlararo hamkorlikda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Buning yorqin misoli yaqinda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi mintaqada ilk bor bizning yurtimizda muvaffaqiyatli o‘tkazilganidir.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida bo‘lib o‘tgan ushbu nufuzli anjumanda qatnashish uchun dunyoning 140 ga yaqin davlati, 40 ga yaqin xalqaro va mintaqaviy tashkilotlaridan 2 mingdan ortiq vakil yurtimizga tashrif buyurdi. Parlamentlararo Ittifoq vakillarining e’tiroficha, bu darajadagi ko‘psonli va nufuzli tarkib assambleyalar tarixida hali kuzatilmagan.
Assambleyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy tinchlik, xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan nizolar, jumladan, Falastin inqirozi uchun yagona yechim “ikki xalq uchun - ikki davlat” tamoyili asosida ish yuritish, Afg‘onistonni muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik, iqlim o‘zgarishlari, ijtimoiy himoya, sun’iy intellekt, yoshlar va xotin-qizlar huquqlari kabi masalalar bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bu yo‘lda dunyo parlamentlarini birgalikda qonun ijodkorligi ruhini kuchaytirishga chaqirdi.
Mazkur tashabbuslar 150-Assambleya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida o‘z ifodasini topdi.
Senat Raisi hozirda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakuni bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ustida ish olib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Endigi masala O‘zbekiston manfaatlarini ilgari surish bo‘yicha birgalikda harakat qilib, namuna bo‘lishdir.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA