Ijtimoiy tarmoqlar nihoyatda rivojlangan bir davrda yashayapmiz. Ota-ona bilan farzand o‘rtasidagi, yaqin qarindoshlar orasidagi munosabatlar ham virtual olam orqali amalga oshirilyapti. Shu sababli keyingi yillarda kitob o‘qishga bo‘lgan ehtiyoj kamaydi.
Shunday bo‘lsada, kitob o‘qiydigan qatlamning borligi odamni quvontiradi. Ayniqsa, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi insonlarning kitob o‘qishga bo‘lgan ehtiyoji, talabi ortib borayotgani fikrimizning yaqqol misolidir.
Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan kitob taqdimotida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi va dramaturg Nabijon Hoshimov qalamiga mansub kitoblar taqdimot qilindi.
Yozuvchining “Tog‘ asirlari” ikki qismdan iborat sarguzasht romani, “Povulg‘on voqeasi” nomli hajviy hangomalar to‘plami hamda “Ko‘zi ojiz oligarx” deb nomlangan kitoblari yozuvchining shogirdlari hamda jurnalistlar tomonidan muhokama qilindi.
—Bugun yurtimizda 80 mingga yaqin ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi insonlar bor. Bu insonlar kitob o‘qishni yaxshi ko‘rishadi, — deydi Nabijon Hoshimov. — Mana shu insonlar orasidan ham tadbirkorlar, zamon qahramonlari yetishib chiqyapti. “Ko‘zi ojiz oligarx” deb nomlangan kitobimda Bahromjon ismli yigitning boyib ketishi haqida yozganman. Bu yigitning hayoti va amalga oshirgan ishlari sog‘lom insonlar uchun ham ibratli.
E’tiborlisi shundaki, adibning aksariyat qahramonlari uning hamqishloqlari. Ya’ni, oltiariqliklar. O‘zining zamondoshlari, hamqishloqlarini asar qahramoniga aylantirgan yozuvchining asaridagi har bir syujet ishonarli va juda qiziqarli.
“Povulg‘on voqeasi” va “Tog‘ asirlari” kitoblarini oila davrasida farzandlar bilan bemalol o‘qib, muhokama qilish mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zIlYJU7CE0Q" title="Nabijon Hoshimov qalamiga mansub kitoblar taqdimoti o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), U.To‘xtayev (montaj), O‘zA