Saudiya Arabistoni va Qatar Amirligi siyosiy boshqaruv tizimi o‘zgargan Suriyaning Jahon bankidan olgan qarzini qoplab beradigan bo‘ldi. Endi eng yirik xalqaro moliyaviy tuzilmaning mamlakatga 14 yildan ko‘p vaqt davomida to‘xtab qolgan moddiy ko‘magi tiklanishi mumkin. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Ikki kuchli arab davlati Moliya vazirliklari qo‘shma bayonotida aytilishicha, qariyb 15 million dollarlik mazkur qarzni yopish qarori Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan shu oy Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qabul qilingan.
Suriya Tashqi ishlar vazirligi neft va gazga boy hamkor davlatlarga “beqiyos yordam uchun” minnatdorlik bildirdi. Nihoyat yarim million odamning hayotiga zomin bo‘lgan, ulkan vayronagarchilikka sabab bo‘lgan urushdan keyingi tiklanish va qayta qurish yo‘lidagi hamkorlik faollashadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2017 yil Suriyani qayta tiklash uchun kamida 250 milliard dollar zarurligini taxmin qilgandi. Ayrim ekspertlar fikricha, bu raqam 400 milliard dollarga yetishi ham mumkin.
Yevropa Ittifoqi mamlakatga qarshi joriy etilgan energetika va transport tizimiga daxldor sanksiya va bank cheklovini yumshata boshladi. Neft-gaz, elektr energiyasi, transport, jumladan aviatsiya sohasiga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi.
Buyuk Britaniya hukumati ham Damashqdagi o‘nlab tuzilmalar, jumladan hukumat idoralari va ommaviy axborot vositalariga qarshi sanksiyani to‘xtatdi. Ayni o‘zgarishlar davlat tezroq oyoqqa turishiga ko‘maklashadi, albatta.
Musulmon Ziyo, O‘zA