AQSHning qator nufuzli oliy o‘quv yurtlari Prezidentning ta’lim sohasidagi chora-tadbirlari, jumladan moliyalashtirishni to‘xtatish qaroriga qarshi chiqish uchun maxsus uyushma tuzdi. Bu haqda “Wall Street Journal” xabar tarqatdi.
– Mamlakatning eng nufuzli universitetlari rahbarlari Donald Tramp ma’muriyatining oliy ta’limdagi ilmiy tadqiqot uchun ajratilgan moliyaviy manbani qisqartirish va akademik mustaqillikni cheklash siyosatiga qarshi kurashish maqsadida xususiy alyans tuzdi, – deb yozgan nashr. – Ayni payt assotsiatsiya 10 ga yaqin, birinchi navbatda saylovda Demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlagan “ko‘k” shtatlardagi ta’lim muassasasini birlashtirgan.
Ta’kidlanishicha, guruhga qo‘shilgan yuqori martabali olimlar federal hokimiyat idoralari bilan muzokarada Tramp ma’muriyati talablariga nisbatan qanday munosabat bildirish zarurligini aniqlashmoqda. Masalan, ular talabalarni qabul qilish, xodim yollash, o‘quv jarayonini tashkil etish masalalarida o‘z nuqtai nazarlarini ilgari surishyapti.
AQSH Ta’lim vazirligi 15 aprel kuni Oq uyning kadrlar va ta’lim siyosatini o‘zgartirish haqidagi talabini ochiqchasiga rad etgach, Garvard universitetiga hukumat tomonidan ajratiladigan 2,2 milliard dollar kamaytirilishi e’lon qilindi. 22 aprel kuni 100 dan ziyod oliy ta’lim muassasasi hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralar, xususan moliyalashtirish to‘xtatilishi qoralangan xatni imzoladi. Qator universitetlar, jumladan Garvard va Prinston universitetlari, Massachusets texnologiya instituti rahbarlari Vashington hukumatini konstruktiv hamkorlikka chaqirdi.
S.Rahimov, O‘zA