Yurtimizda voleybol sport turini ommalashtirish, mahoratli sportchilarni tayyorlash, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida uning qamrovi yildan yilga kengayib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rganish va mamlakatimizda joriy etish maqsadida keng qamrovli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish asnosida iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish, tema jamoalarga yo‘naltirish nazarda tutilgan.
Shu maqsadda, ayni kunlarda “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlari doirasida yurtimiz maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Ichki ishlar vaziri kubogi” bahslari, turli yosh toifalari bo‘yicha mamlakat birinchiliklarining saralash musobaqalari davom etayotgan bir paytda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Kuni kecha belgilangan vazifalar ijrosidan kelib chiqib, Dohada O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamda Qatar voleybol assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va strategik hamkorlikka doir memorandum imzolandi.
Memorandumni imzolash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov, Qatar voleybol assotsiatsiyasi prezidenti Ali Kuvari ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasida voleybol sport turining turli yo‘nalishlaridagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish borasida fikrlashdi.
Muloqot davomida o‘zaro tajriba almashish, murabbiylar va sportchilar o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, terma jamoalar ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, seminarlar, musobaqalar hamda boshqa sport tadbirlarini tashkil etish borasida kelishuvlarga erishildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA