Germaniyada shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan Bundesliga o‘yinlarining 2024/2025 yilgi mavsumining so‘nggi 15-tur o‘yinlari natijasiga ko‘ra, hamyurtlarimiz Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov va Rustam Qosimjonov joy olgan jamoalar kuchli uchlikni egalladi.
2024 yilning sentyabr oyida boshlangan jamoalar o‘rasidagi ushbu turnirda jahon shaxmatining eng yetakchi grossmeysterlarini jamlagan 15 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Musobaqa turlari 2024 yil sentyabr oyidan joriy yil 27 aprel kuniga qadar oyning har yakshanbasida o‘tkazildi.
Kecha musobaqaning oxirgi 15-tur bahsida Javohir Sindorov joy olgan “Dyusseldorf” jamoasi Nodirbek Abdusattorov dona surgan “Firnxaym” jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi. Ushbu bahsda 4:4 hisobida murosa yo‘li tanlangan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov “Dyusseldorf” a’zosi hindistonlik Ardjun Erigaysi bilan, Javohir Sindorov “Firnxaym” sharafini himoya qilgan serbiyalik Aleksey Sarana bilan durangga erishdi.

Bundesliga o‘yinlarining 2024/2025 yilgi mavsumida 3-o‘rindan joy olgan “Baden-Baden” jamoasi tarkibida hamyurtimiz, sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov bahslarda o‘z omadini sinab ko‘rdi.
Qosimjonov jamoasi nufuzli musobaqaning 15-turida “Myulxaym” jamoasi bilan kuch sinashdi. Ushbu turda “Baden-Baden” g‘alabaga erishib, umumiy nkatijalar holatida ligada 3-o‘rindan joy egalladi. Rustam Qosimjonov ushbu turda qora donalarda “Myulxaym” a’zosi germaniyalik Deniyel Fridman bilan kuch sinashdi. O‘yin 0,5:0,5 hisobida yakunlandi.
Bundesliga o‘yinlarining 2024/2025 yilgi mavsumi davomida Nodirbek Abdusattorov 4 ta uchrashuvda qatnashib, barchasida durangga erishdi. Javohir Sindorov 13 ta turda jamoasi sharafini himoya qildi. O‘tkazilgan o‘yinlarning 10 tasida g‘alaba, 3 tasida durang qayd etdi. Tajribali shaxmatchimiz Qosimjonov 10 ta turda dona surib, uning 2 tasida g‘alaba, 3 tasida mag‘lubiyat va 5 tasida durangga erishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA