Tailand poytaxti Bangkok shahrida davom etayotgan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 29 davlatdan kelgan dzyudochilar o‘rtasidagi yakkalik bellashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
Unda erkaklar va ayollar o‘rtasida jami 14 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Quvonarlisi, musobaqa davomida Shahram Ahadov (-73 kg.) hamda Shaxzodxo‘ja Sharipov (-90 kg.) barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Zamoxshari Bekmurodov (-66 kg.) hamda Nurbek Murtazoyev (-90 kg.) finalga qadar o‘tkazilgan janglarda muvaffaqiyatga erishib, kumush medal bilan tadirlandi. Shuningdek, Shukurjon Aminova, Marjona Ko‘chimova va Arslon Tojiyev kabi dzyudochilarimiz o‘z vaznlarida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.


Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi 2 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronza medaliga ega chiqib, umumjamoa hisobida shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yili Hongkongda o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan 5-pog‘onadan joy olgan edi. Endi 28 aprel kuni Osiyo chempionati doirasida jamoaviy bahslar tashkil etiladi. Qit’amizning 11 terma jamoasi ishtirok etadigan ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi qur’a natijasiga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chorak finaldan ishtirok etadigan bo‘ldi. Dzyudochilarimiz ushbu bosqichda Turkmaniston va Tojikiston termalari bahsi g‘olibiga qarshi tatamiga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA