Vatanimiz tarixidagi 27 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1408 yil (bundan 617 yil oldin) – temuriylar hukmdori Shoxruhning nufuzli lashkarboshilaridan biri, qavchin qabilasidan bo‘lgan Jahonmulk o‘zining bir guruh sheriklari bilan Shoxruh mirzoga suiqasd qilishga urindi. Shoxruh mirzo fitnadan xabar topgach, til biriktirganlar qochishga harakat qildilar. Ammo ular tutib kelinib, jazoga tortildi.
Abdurazzoq Samarqandiy bu fitna haqida shunday yozadi: “Bir to‘da nodonlar isyon ko‘tarishga ittifoq tuzdilar va zulqa’daning oxirida amir Jahonmulk o‘z xesh-aqrabolari bilan, amir Hasan Jondor o‘z o‘g‘li Yusuf Jalil bilan, Saodat ibn Temurtosh birodari bilan hamda Bahlul ibn Boboytemur, Sulton Boyazid Usmon va Namadaklar hazrat xoqoni saidga suiqasd qilishga o‘zaro axd qildilar. Lekin parvardigor inoyati onhazratning posboni bo‘lganligi tufayli bu ma’nining bir uchi unga ma’lum bo‘lib qoldi va Seiston tarafidan kelgan amir Mizrobni chaqirtirdi. Isyonchilar sharafli quloqlarga biror so‘z chalinganligini sezib, Seistonga ketayotgan lashkarga qo‘shilib olishni istadilar va shu qarorga binoan Juzo‘lang tarafiga jo‘nadilar.
Onhazrat humoyun uzangining mulozimi bo‘lgan bir to‘da bahodirlar bilan otga mindi. Amir Mizrob gunohkorlarga yetib borib qattiq jang qildi. Mizrob bahodirning yuziga katta zaxm yetdi; uni shaharga olib kirdilar. U beoqibatlar esa Korubor suvidan o‘tib, suvni o‘zlariga hisor qildilar. Onhazrat suvning berigi tarafida turdi va Seistonga jo‘natilayotgan lashkar guruh-guruh kelib xoqon hazratlariga qo‘shila berdi, gunohkor jamoatning har biri bir tarafga qarab qochdi. Amir Hasan So‘fining qo‘shun ahli saodatsiz Saodatni birodari bilan birga va Ahmad Oqbuqoni Bodg‘isdan tutib olib keldi; Saodat yosoga yetdi, uning birodari va Ahmad Oqbuqoni ozod qilib yubordilar. Jahonmulk bilan Namadakni amir Cherkas Moxonda ushlab olib, bog‘langan holda Hirotga yubordi. Bular Chihil duxtaronda yo‘qlik sharbatini totdilar. Misra: Har kim isyon ko‘tarsa, uning jazosi mana shu!..”
1526 yil (bundan 499 yil oldin) – juma kuni Boburning yonidagi ulamolardan shayx Zayniddin, Mavlono Mahmud va boshqalar Dehlining katta namozgoh masjidida Zahiriddin Muhammad Bobur nomiga xutba o‘qishdi.
1770 yil (bundan 255 yil oldin) – qo‘ng‘irotlardan bo‘lgan Muhammadamin inoq (1729–1790) Xivani yovmutlarga topshirib, Doniyol otaliqdan yordam so‘rab Buxoroga ketdi. Oradan besh oy o‘tgach Buxoroda kuch to‘plab, Xorazmni yovmutlardan qaytarib olish uchun Hazoraspga keldi.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Xivadagi Nurullaboy saroyida Butunxorazm xalq vakillarining birinchi qurultoyi ochildi. U 30 aprelga qadar davom etdi. Qurultoyda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzildi. Birinchi hukumat nozirlarining aksariyati jadidlardan iborat edi va shu sababli ham hukumat Yosh xivaliklar hukumati deb yuritildi. Yosh xivaliklar mamlakatda xonlikdan qolgan asoratlarni tugatish, respublikada demokratik tuzumni qaror toptirish uchun kurashdi. Rossiya rasmiy doiralari, Turkiston komissiyasi mustaqil siyosat yuritishga intilayotgan Yosh xivaliklar hukumatini badnom qilish uchun jon-jahdi bilan harakat qildi.
Sovet davlatining qurolli tazyiqlariga qaramay, Yosh xivaliklar hukumati qariyb bir yil yashadi. 1921 yil 6 martda Xorazmda qizil armiya siyosiy boshqarmasi va qizil askarlar uyushtirgan harbiy davlat to‘ntarishidan so‘ng Yosh xivaliklar hukumati ag‘darib tashlandi.
1930 yil (bundan 95 yil oldin) – Toshkentda Maorif xalq komissarligi huzurida tuzilgan Kutubxonalar birlashmasi byurosinining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda respublikaning barcha yirik shaharlarida kutubxonalar birlashmalarini tuzish ishini tugallashga qaror qilindi va ishlab turgan kutubxonachilarning malakasini tekshirish uchun alohida komissiya tuzildi.
1877 yil (bundan 148 yil oldin) – Rossiya imperiyasi harbiy vaziri va Osiyo bo‘limi bosh kotibining Ichki ishlar vazirligiga bergan ko‘rsatmasiga binoan Turkiston general-gubernatorligi Farg‘ona viloyatining markazi rasmiy ravishda Qo‘qondan Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona shahri)ga ko‘chirildi.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati “Urush vaqtida dehqonlar uchun majburiy mehnat kuni minimumi to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Qarorda paxta ekuvchi tumanlarning dehqonlari uchun bir yilda 150 mehnat kuni belgilandi.
2009 yil (bundan 16 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Urganch–Shovot temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 402-kilometrida yangi Urganch–Xiva temir yo‘l liniyasining qurilishi boshlandi. Mazkur yo‘nalish 2018 yil noyabrda qurib bitkazildi va 4 dekabrda birinchi “Toshkent–Xiva” poyezdi Xiva shahriga keldi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – kutilmagan tabiiy ofat – kuchli shamol Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida aholi hayoti, infratuzilma tarmoqlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga katta zarar keltirdi. Shamolning tezligi ayrim hududlarda sekundiga 40 metrgacha yetdi. Hodisa talafotlari Buxoro viloyatida, ayniqsa, Olot va Qorako‘l tumanlarida katta bo‘ldi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida” Konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA