“Uzbekistan Airports” AJ va Malayziyaning “AirAsia X” aviakompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2024 yilda “Routes Asia” aviatsiya forumida boshlangan muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda Kuala-Lumpur va Toshkent o‘rtasida muntazam aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
“Uzbekistan Airports” AJ vakillarining xabar berishicha, Malayziya aviakompaniyasi joriy yil oktyabr oyidan boshlab O‘zbekistonga parvozlarni haftasiga uch marta “Airbus 320/321” tipidagi samolyotlarda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, aviakompaniyada Toshkent orqali uchinchi davlatlarga parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Ta’kidlash joiz, “AirAsia X” aviakompaniyasi shu yilning fevral oyida O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat olgan edi.
Ma’lumot o‘rnida: Malayziyaning “AirAsia” aviakompaniyasi Osiyodagi eng yirik tejamkor aviakompaniya hisoblanadi. Aviatashuvchi 25 ta mamlakatda 400 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha mahalliy va xalqaro parvozlarni amalga oshirib kelmoqda. “AirAsia” aviakompaniyasining asosiy tranzit markazi Kuala-Lumpur xalqaro aeroportidir.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA