O‘zbekiston Respublikasi Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qism jamoasi Pokistonda o‘tkazilgan VIII Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida rekord natija qayd etib, g‘olib bo‘ldi.
Musobaqada O‘zbekiston, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, AQSH, Marokash, Xitoy, Iordaniya, Iroq, Turkiya, Maldiv orollari, Shri Lanka, Belarus, Qozog‘iston va Qatar kabi davlatlardan 31 ta jamoa ishtirok etdi.

Shartlarga ko‘ra, jamoalar 90 kilometr(60 soat ichida)gacha bo‘lgan marshrutning 7 ta nazorat nuqtasida azimut bo‘yicha harakatlanib, unda taktik-maxsus, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirg‘in qurollardan himoya va harbiy topografiyadan turli maxsus mashqlarni, shuningdek, kutilmagan testlarni yechish mashqini bajardi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi 95 foiz natija bilan 1-o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Xitoy jamoasi(74 foiz natija), uchinchi o‘rin esa Bahrayn jamoasi(65 foiz natija)ga nasib etdi.
Jamoaning ko‘rsatgan bu jasorati Buxoro harbiy ma’muriy-sektor rahbari, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov tomonidan yuksak e’tirof etildi va munosib taqdirlandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.