Marg‘ilonning “Yangi O‘zbekiston” massivi hududidagi 82 gektar maydonda birinchi bosqichda 6532 xonadonli 82 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan o‘ntasida ish boshlangan edi.
“Yangi O‘zbekiston” hududiga tutash 35 gektar maydonda Turkiya loyihalash kompaniyasi tomonidan “Burxoniddin Marg‘inoniy xalqaro ilmiy tadqiqot majmuasi” qurishning “master rejasi” ishlab chiqildi.


Tarixni yurt yetakchisining odil qarorlari va xalq yaratadi. Bu bugunning gapi emas. Bugun esa Marg‘ilon shahri tarixida yangi sahifa ochilmoqda. Hali yuz yillar o‘tar, ammo 2025 yil 25 aprel sanasi, albatta, tilga olinajak.
Bugun erta tongdan hududda quruvchi, loyihachi, me’mor, son-sanoqsiz texnik vositalar jam bo‘ldi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligida rahbarlar, oqsoqollar, ilm ahli quruvchilarga ezgu tilaklarini aytdilar. So‘ngra o‘zbekona urf-odatlarga ko‘ra majmuaning har bir manzilida, ular yetti joyda edi, Qur’on tilovat qilindi.


Shundan keyin qudratli texnikalar ish boshladi. Bugundan bu yerda kutubxona, maxsus ishlash xonasi, arxiv, o‘quv zali, ko‘rgazma zali, laboratoriyalari bo‘lgan ilmiy tadqiqot markazi, fiqxshunoslik ta’lim muassasasi, maqom teatri binosi, muzey, anjumanlar zali, masjid, Otabek-Kumush uyi, milliy uslubdagi mehmonxonalar, talabalar turar joyi, istirohat bog‘i qad rostlaydi.
Burxoniddin Marg‘inoniy majmuasi ajdodlar nomini e’zozlash, ular qoldirgan ilmiy merosni kelajak avlodlarga yetkazishning yetuk namunasi bo‘lib qolishiga hech shubha yo‘q.


<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/R8dcJgKi6m4" title="Marg‘ilon tarixida yangi sahifa ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA muxbirlari