Bugun mamlakatimiz teatr jamoalari repertuarida taraqqiyparvar bobolarimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan spektakllar ko‘paydi. Ularning aksariyati qorong‘u sahna, yig‘lab, dod solgan ona, tergovchining so‘roq-savoli, qamoqxona, otishga hukm kabi ko‘rinishdan iborat.
Ushbu sahna asarlarining saviyasi, badiiyati, sifati qanday? Jadidchilik mavzusi yoritib berilgan spektakllar haqida teatrshunos olimlarning o‘zi qanday fikr bildirmoqda?
Teatrshunos olim, falsafa fanlari nomzodi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Ma’mur Umarovga ushbu mavzu yuzasidan bir necha savollar bilan murojaat qildik.
– Bugungi kunda ko‘plab teatr jamoalarida jadidlar haqida spektakllar sahnalashtirilmoqda. Albatta, bir suhbat davomida ushbu spektakllarga muayyan baho berish juda mushkul. Shunday bo‘lsa-da, poytaxt teatrlari misolida jadidlar hayotiga oid sahnalashtirilib, tomoshabinlarga taqdim etilayotgan spektakllar haqida qanday fikr bildirgan bo‘lar edingiz?

– Turkistondagi 400 yillik turg‘unlikdan so‘ng milliy uyg‘onish davrini boshlab bergan jadidlar harakatini o‘rganish, targ‘ib etishda Yurtboshimiz tashabbus ko‘rsatdi. Ana shu tashabbus asosida teatrlarimizda jadidlar haqida spektakllar sahnalashtirishga kirishildi. Respublikamiz viloyatlari hamda poytaxtda sahnalashtirilgan har bir spektakl o‘z mavzusi va talqini bilan o‘ziga xos. Ulardagi umumiy jihatlar – ma’rifatparvar ziyolilar, jadidlarning millatparvarligini ulug‘lashdan iborat.
Spektakllarning o‘ziga xos jihatlarini belgilash hamda baholash mushkul. Chunki, jadidlar haqida qalam tebratayotganlar yoki uni sahnalashtirganlarning Miyon Buzruk Solixovning 1937 yilda yozilgan “O‘zbek teatri uchun materiallar”dan, Mamajon Rahmonovning 1968 yilda nashrdan chiqqan “O‘zbek tetri tarixi” kitobidan, Shuhrat Rizayevning “Jadid dramasi” nomli dissertatsiya ma’lumotlaridan, Begali Qosimovning 2022 yili chop etilgan “Milliy uyg‘onish davri adabiyoti” nomli ikki tomlik tadqiqotdan, Dilfuza Rahmatullayevaning “Tarix va teatr” nomli monografiyasidan bexabarligi bilinib qolmoqda.
Natijada davrlarni chalkashtirish, jadidlarning o‘z davrida jasorat ko‘rsatishiga tayanch bo‘lgan konfliktni ishonchli to‘qnashuvdagi kurash sifatida asoslay olmaslik kabi zaifliklar mutaxassislarni bezovta qilmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Jadidlar teatri” nomli qo‘llanma yaratilishi zarurligi ma’lum bo‘lmoqda. Ushbu masalani hal qilish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining San’atshunoslik va madaniyatshunoslik kafedrasi “Jadidlar teatri” nomli ilmiy mavzuni tadqiqot sifatida o‘rganishni boshladi.
– Ko‘pchilik tomoshabinlar teatrga ko‘ngilochar maskan, deb qaraydi. Shu sababli g‘oyasi, mazmuni yengilroq spektakllarni tomosha qilishni afzal biladi. Nima deb o‘ylaysiz, taraqqiyparvar bobolarimiz haqidagi sahna asarlari tomoshabinlarga nima beradi?
– Savol o‘rinli, teatrlarda qo‘shimcha mablag‘ topishga kirishilgandan beri sahnada “ko‘ngilochar” spektakllar yetakchilik qila boshladi. Behbudiy bobomiz “Padarkush” nomli sahna asarida bu kabi savodsizlik va yengiltaklikni “milliy fojia” deb atagan. Teatrni esa – ibodatxona, maktab kabi ta’lim maskani, kitob kabi tarbiya vositasi deb bilgan. Agar jadid dramasi yuqoridagi talablar asosida sahnalashtirilsa, yoshlarimiz savodsizlik fojiasini, milliy qadriyatlar yuksakligini, yurt oldidagi mas’uliyatini, inson sifatida kamol topishi ham farz, ham qarz ekanligini anglab, jamiyatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lardi. Teatrda xizmat qilayotganlar esa xalq oldidagi javobgarligini his etib, o‘z izlanishlari bilan tarix sahifalarida qolar edi.
– Teatr sohasi ijodkorlari taraqqiyparvar bobolarimiz hayotiga doir spektakllar sahnalashtirganda yana nimalarni inobatga olishi, nazarda tutishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– Avval har bir ijodiy jamoa o‘zidan oldin bu mavzuni yoritishga intilganlar talqinidagi o‘ziga taalluqli kerakli har jihatlardan xabardor bo‘lishi talab qilinadi. Shundagina avvalgi yutuqlarni asrash, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni tuzatish, tomoshani badiiy jihatdan boyitish jarayoni sodir bo‘ladi.
Bu borada O‘zbekiston xalq artisti Nazira Aliyevaning tavsiyalari bilan tanishish lozim. U o‘ziga berilgan Otellodagi Dezdemona rolini Ozarbayjon teatrida kim o‘ynagan va nimalarga ahamiyat berganini, o‘z tasavvuridagi tuyg‘ular bilan qiyosiy tahlil qiladi va o‘z talqiniga to‘xtaladi. Har bir aktyor yoki rejissyor masalaga shunday yondashsa, har bir spektaklni yoki personajning sahnaviy talqinini ilmiy tadqiqot bilan tenglashtirish mumkin.
Qolaversa, yosh rejissyorlarning teatr badiiy kengashi oldidagi himoyasini qayta tiklash lozim. Ular o‘zidan avvalgilarning bu mavzuga munosabatini, ijodiy jamoa, xaqiqiy jamoa bilan amalga oshirishga mo‘ljallangan rejasini himoya qilishi lozim. So‘ngra to‘ldirilgan, aniqlik kiritilgan variantni teatr jamoasi oldida himoya qilishi lozim va personajlar xarakterini yaratishga tanlov e’lon qilishi kerak. Shundagina sahna mardu-maydonga aylanadi. Teatrning badiiy kengashi javobgarlikni his qiladi, deb umid qilsa bo‘ladi.
Sahnalashtirishga mo‘ljallab asar yozadigan dramaturglarga teatr jamoalari ko‘nglidagi mavzularda p’esalar yozish uchun buyurtma berish mumkin. Masalan, maktablar islohotiga “usuli jadidni” asos qilib olgan ma’rifatparvarlar faoliyati yoritilgan, madrasalarni yangi islohotlari asosida takomillashtirgan ziyolilar haqida asar yozish, milliy matbuotni yo‘lga qo‘ygan fidoyi jadidlar gazetasi yoki jurnali haqida alohida sahna asarlari zarur. Shu bilan birga Milliy teatrni yangi shaklda qayta tuzgan samarqandlik, toshkentlik, qo‘qonlik jadidlar haqida sahna asari yaratish dolzarb. Milliy uyg‘onish g‘oyasini o‘z ijodida targ‘ib qilgan shoirlar faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari kerak. Yurt rivoji uchun fidoyilarni birlashtirgan jadidlar jamiyatining kadrlar tayyorlash borasidagi faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asari yaratishga zarurat bor.
Xulosa tarzida aytadigan bo‘lsak, “repertuarda jadidlar mavzusidagi spektakl bormi, bor”, qabilida emas, balki mavzuga oid materiallar, ilmiy manbalar, kerakli qo‘llanma va adabiyotlarni puxta o‘rgangan holda yondashilsa, har jihatdan puxta, yetuk, mukammal, badiiy barkamol sahna asarlari tomoshabinlarga taqdim etiladi. Shundagina jadidlar mavzusini yuzaki, nomiga, sayoz tarzda sahnaga olib chiqishdek holatlarga chek qo‘yiladi.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.