Mamlakatimizda energetika resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, sohada shaffoflikni kuchaytirish hamda qonunbuzarliklarni aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Nazorat tadbirlari natijasida esa qator noqonuniy holatlar fosh etilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya”ning iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligi bo‘limi boshlig‘i Mirziyod Mirsaitov bu haqda shunday deydi:
– Inspeksiya tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari va ko‘rilgan choralar amalda o‘z samarasini bermoqda. Eng avvalo, bu ishlar tufayli noqonuniy foydalanish holatlarini vaqtida fosh etish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va energiya resurslarining hisobini yuritishda aniqlikni ta’minlash imkoni yaratilyapti. Har bir aniqlangan holat sohadagi intizomni kuchaytirishga xizmat qilyapti. Biz faqat jarimalar bilan cheklanib qolmayapmiz, balki profilaktika ishlariga ham alohida e’tibor qaratyapmiz. Bu esa umumiy samaradorlikni yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda, ayrim aniqlangan noqonuniy holatlarga to‘xtalib o‘tsam. Namangan viloyatida o‘tkazilgan tekshiruvga ko‘ra, “Z.M.” MCHJga tegishli Mingbuloq tumanidagi AYOQSHda neft mahsulotlarini tarqatishda belgilangan qoidalarga rioya etilmagan. Yonilg‘i tarqatish ustunlariga tashqi ta’sir ko‘rsatish orqali realizatsiya qilingan neft mahsuloti miqdorini sun’iy ravishda o‘zgartirish holati qayd etilgan. Bu O‘zbekiston Respublikasining 940-sonli qonuni 43-moddasiga zid bo‘lib, korxonaga nisbatan 49,5 million so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.
Shu kabi qonunbuzarlik holati Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida ham qayd etildi. “A.O.” xususiy korxonasiga qarashli AYOQSHda sotilayotgan AI-92 avtobenzin va dizel yonilg‘isidan olingan namunalar laboratoriya sharoitida tahlil qilinganda, ular davlat standartlariga javob bermasligi, ya’ni sifatsiz ekani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ushbu shoxobchada ham yonilg‘i tarqatish ustuniga tashqi ta’sir ko‘rsatish orqali miqdorni sun’iy o‘zgartirish holati aniqlandi. Bu holat 23,5 million so‘mlik iqtisodiy sanksiya qo‘llanilishiga sabab bo‘ldi.
Qonunga muvofiq, sifati belgilangan talablarga javob bermaydigan yonilg‘i va energetika resurslarini realizatsiya qilish holati aniqlanganda, sotilgan tovar qiymatining 50 foizi miqdorida jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbiri elektr energiyasidan o‘g‘rincha ishlatish bilan bog‘liq. Ma’lum bo‘lishicha, Kitob tumanidagi “B.S.” fermer xo‘jaligiga qarashli elektr qurilmalari tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan va elektr energiyasidan yashirincha foydalanilgan. Bunday harakat ortidan elektr ta’minoti korxonasiga 421,8 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Ayni kunlarda bu bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini ta’kidlash lozim.
Xulosa qilib aytganda, yuqorida qayd etilgan holatlar energetika resurslarini taqsimlashda shaffoflikni ta’minlash, sifatni nazorat qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Davlat organlarining doimiy nazorati, huquqiy choralar va javobgarlikning mustahkamlanishi soha rivojiga hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga zamin yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA