Yo‘l-yo‘lakay
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi tog‘li qishloqlarga safar qilarkanmiz, tog‘larning yuqori qismida Duoba nomli qishloq borligi haqida eshitgandik. An’anaga sodiq qolib o‘sha qishloqqa ham borishni, u yerning tabiatiyu samimiy odamlari bilan tanishishni ko‘nglimizga tukkandik.
Erta tongdan fotomuxbir bilan yo‘lga otlandik. “Hisorak” suv omboridan oshib tushib, “Hisorak” MFY markaziga yetib keldik. Shu yerdan tog‘ yo‘llariga moslashgan “UAZ” mashinasiga o‘tirdik. Duoba qishlog‘iga G‘ilon qishlog‘i yo‘lidan chap tomonga qarab tik qoyalarga tirmashib chiqib ketilarkan. Tik qoyalarni yonboshlab chiqib ketgan ilon izi yo‘ldan yuqoriga ko‘tarilamiz. Tog‘ning ustiga chiqarkanmiz, tog‘li “Hisorak” suv ombori va uning atrofi bo‘ylab joylashgan aholi manzillari yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Bu yo‘ldagi birinchi qishloq Chungurak qishlog‘i. Ilgari bu manzilga ham kelganmiz. Ajoyib tabiati, samimiy odamlari, ularning kundalik yumushlari haqida hikoya qilganmiz.
Xullas, Chungurak qishlog‘idan o‘tib, chungurakliklar dehqonchilik qiladigan manzil – chappa suv hududini oralab yo‘limizda davom etamiz. Shu qishloqqa kelganimizda “Hisorak” MFY raisi Sayfulla Norqulov ham bizga hamrohlik qildi. Iqlimi sovuq bo‘lgani bois bu joylarga bahor nafasi pastga nisbatan kechikibroq yetib keladi. Atrofni qoplagan yashillik, endi kurtaklay boshlagan olmayu o‘riklar kishiga o‘zgacha zavq beradi.
Yo‘l yurib yana bir aholi yashash manziliga yetib kelamiz. Bu Mingko‘char qishlog‘i. Qadimda aholisi ko‘p ko‘chib yurgan shekilli, hozir ham 50 dan ziyod xo‘jalik, 300 nafarga yaqin aholi yashar ekan. Taraqqiyot shabadalari ozgina kechikkan ushbu manzilda ham odamlar asosan chorvachilik bilan mashg‘ul. Shu qishloqgacha tuman hokimligining ozgina ko‘magi va hashar yo‘li bilan yo‘llarga tosh yotqizib kelingan.
Biz bormoqchi bo‘lgan Duobagacha hali olis. Yana yo‘limizda davom etamiz. Bu yog‘iga tuproq yo‘l. Yog‘ingarchilik bo‘lgan paytlarda mashinalar loy yo‘lda chirpinaverib, ikkita ariqcha hosil qilib qo‘ygan. Quruqchilik paytda ham o‘sha ariqchadan chiqib keta olmaysiz.
Nihoyat Duoba qishlog‘iga yetib keldik. Nomidan kelib chiqqan holda qishloq tog‘dan oqib keluvchi ikki irmoqning o‘rtasida joylashgan. Tog‘li joylarda mehmon ovozasi tez tarqaydi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Qishloqqa kirib borishimizdanoq bizni qarshi olgan otaxonlar bilan yo‘l ustidayoq suhbatga kirishdik.
– Bu yerlarda qadimda katta qishloq bo‘lgan, – deydi 93 yoshli Bahrom bobo Hamroyev. – 350 dan ortiq xo‘jalik bo‘lgan. Ikkita masjid bor edi. Pastdagi qishloqlar odamlari ham juma namozini shu yerda o‘qishgan. Yillar o‘tib, ocharchilik, keyin bosmachilik boshlangan. Aziyat chekkan aholining ko‘pchiligi ko‘chib ketgan. So‘ng urush boshlandi. Urushga shu qishloqdan 150 nafardan ziyod yigit ketib qaytmagan. Oqibatda uch xo‘jalik qoldi. Erkaklar yo‘q, faqat ayollar va bolalar bor. O‘shanda bola edim. Buni juda yaxshi eslayman. Shundan sekin-sekin aholi ko‘payib kelyapti.
Tarixning necha bir chig‘irig‘idan o‘tib kelayotgan qishloq keksalarining so‘zlariga ko‘ra, aholisiz yillarni ham ko‘rishgan. Ko‘chishlar tinib, odamlar yana eski manzillarini makon qila boshlagandan buyon xonadonlar soni yana ko‘payib, 50 dan oshibdi. Hayotimizdan mamnunmiz, mehnat qilsak, kamimiz but bo‘lyapti, deydi odamlar samimiylik bilan. Faqatgina qatnov uchun yo‘lning nosozligini aytmaganda boshqa muammomiz yo‘q, deydi ular qo‘shimcha qilib.
– Yo‘limiz juda abgor. Yog‘ingarchilik paytlarida qatnov umuman to‘xtab qoladi, – deydi Bahrom bobo. – Mas’ullarga ko‘p murojaat qildik, ammo natija yo‘q.
Aslida biz qishloqning xushmanzara tabiatiyu, tog‘ aholisining urf-odatlari haqida hikoya qilmoqchi edik. Ammo yo‘l masalasi bu qishloq aholisining ancha yillik muammosiga aylangan ekan. Shundan so‘ng ob’ektivlarimizni ushbu masalaga qaratishga to‘g‘ri keldi. Chindan ham qishloqqa olib keladigan yo‘lning bir qismi anchagina ta’mirtalab, bo‘lib ayni paytda odamlar yo‘l ta’miri uchun mas’ullar yordamiga muhtoj. Qo‘l kuchi bilan bajarib bo‘lganida hashar qilib yo‘limizni tuzatib olgan bo‘lardik, deydi ular mashaqqatlari haqida gapirarkan.
– Shu qishloqqa kelin bo‘lib tushganimga 35 yildan oshdi, – deydi qishloq xotin-qizlar faoli Gulnoza Xushnazarova. – Muammomiz faqat yo‘l. Mana shu ikki kilometr yo‘limizga qum-shag‘al yotqizib berilsa, o‘quvchilarimiz maktabga xavotirsiz borardi. Chunki yuqori sinf o‘quvchilarimiz pastdagi Mingko‘char qishlog‘idagi maktabga qatnaydi. Kasallarimiz shifoxonaga o‘z vaqtida yetib borardi. Qishlog‘imizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan birorta shifoxona, birinchi yordamni ko‘rsatadigan mutaxassis, dorixona yo‘q. Ayniqsa, homilador ayollarimiz juda qiynaladi. Markazga yetkazib borguncha yo‘lning nosozligi tufayli qancha fojialar ham bo‘lgan. Qishlog‘imizning tabiati ajoyib. Odamlarimiz meva yetishtiradi, kartoshka ekadi, chorvachilik qiladi, lekin yo‘lning yomonligi tufayli xaridorlar bu yergacha yetib kelolmaydi. Arzonga sotishga majburmiz. Televizorda kuzatib turamiz, qanchadan-qancha mahallalar obod manzillarga aylantirilmoqda. Shular qatori bizning qishloqqa ham e’tibor qilinsa, juda minnatdor bo‘lardik. Qiyinchiliklarimiz kamayardi.
Qishloqni aylanib, odamlar bilan suhbatlasharkanmiz, ular bugungi kunda aholi manfaati uchun eng muhim yo‘nalishlardan hisoblangan yo‘l, tibbiy xizmat, ta’lim kabi sohalarda yaratilayotgan imkoniyatlardan bebahra. Boshlang‘ich sinflar uchun 2017 yilda qurib berilgan zamonaviy maktab binosi ham foydalanishga topshirilmasdan turibdi. O‘quvchilar eski binoda o‘qiydi.
Aholi hamon eskicha tizim bilan yashamoqda. Erkaklar chorva boqib, bog‘dorchilik, dehqonchilik qiladi. Ayollar ularga ko‘maklashadi, mavsumda tog‘dan giyoh teradi. Bularning hammasiga yo‘lning nosozligi sabab, deydi ular. Agar yo‘l obod qilinsa, taraqqiyot kirib kelaveradi, deb hisoblashadi. Duobalik aholi, o‘zlarining aytishicha, tuman hokimiyu boshqa mas’ullarning faqatgina nomini eshitgan, ammo birortasini ko‘rmagan. Chunki mas’ullar tugul duobaliklarning o‘zi ham pastga zo‘rg‘a tushib- chiqishadi.
Mas’ullardan Duoba qishlog‘idagi og‘riqli masalalar yechimi, ayniqsa, yo‘l borasida biror chora-tadbir ko‘rilayotgani yoki ko‘rilmayotgani xususida izoh so‘radik.
Mahalla raisi ham bu muammo yechimi haqida zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
– Nasib bo‘lsa, yo‘l muammosi ham yechiladi, – deydi “Hisorak” MFY raisi Sayfulla Norqulov. – O‘tgan yili Mingko‘char qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘lga hashar yo‘li bilan shag‘al yotqizganmiz. Bu yil Duobagacha ham qilinadi. Tuman hokimligini ham xabardor qilganmiz. Yog‘ilg‘i va texnika ajratsa, qolganini odamlarimizning o‘zi amallashadi.
[gallery-23006]
Na bir baland devori yoki darvozasi bor bu mo‘’jazgina qishloqda balki e’tiborni tortadigan jihatlarni topish mushkuldir. Ammo mehmondo‘st va mehnatkash odamlari, fusunkor tabiati bilan qalbingizdan chuqur joy olishi, shubhasiz. Tandirda yopilgan non va tog‘ oftobida quritilgan qurutning mazasini esa boshqa yerda aniq uchratmaysiz.
Ortga qaytarkanmiz, duobaliklarning yo‘l muammosi xususida tuman mas’ullari bilan ham uchrashdik.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xQyeDDU-iFQ" title="E’tibordan chetda qolgan olis Duoba qishlog‘i" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Haqiqatdan ham Mingko‘char qishlog‘idan Duoba qishlog‘igacha bo‘lgan ikki-uch kilometr yo‘l ta’mirtalab. Bu masala bo‘yicha bizga ham aholi tomonidan murojaatlar kelib tushgan, – deydi Shahrisabz tuman obodonlashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Aktam Boboqulov. – Ushbu yo‘lga shag‘al yotqizish bo‘yicha takliflarni berganmiz. Dastur tasdiqlanib kelsa, amaliy ishlar boshlanadi. Bunga ham qarab turmasdan tuman hokimligi bilan kelishgan holda hashar yo‘li bilan ta’mirlash choralari ko‘rilmoqda.
Yo‘lning olisligi va noqulayligini biz ham inobatga olgan holda yaqin oylarda e’tibordan qolib kelayotgan duobaliklarning muammolari ijobiy hal etilishiga umid qilamiz.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari