O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 23-24 aprel kunlari tashrif bilan Samarqand shahrida bo‘ldi.
Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlar 24 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Uchrashuv avvalida Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Ko‘p qirrali hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalarda samarali muloqot olib borilmoqda. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi, madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Poytaxtlarda savdo uylari ochilib, yuk tashish hajmi oshmoqda. Yaqin yillarda tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida o‘zaro manfaatli kooperatsiya rivojlanmoqda. Birgalikda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda.
Faol hududlararo muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini hamda O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy sheriklikka doir masalalar, shu jumladan, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi bo‘lajak sammitlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashdilar.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” doirasida joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida o‘tkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisiga uning qalamiga mansub “Tafakkur gavhari” kitobining o‘zbek tilidagi nusxasini topshirdi.
Ikki tomonlama muzokaralar yakunida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini e’tirof etdi.
– Qardosh Turkmanistonning barcha ulkan yutuqlari, keng ko‘lamli yangilanishlari va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishi Sizning nomingiz bilan chambarchas bog‘liq, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Turkmanistonda iqtisodiyotning barqaror o‘sishi ta’minlanmoqda, aholi farovonligi izchil yuksalmoqda.
Prezidentimiz Turkman xalqining milliy yetakchisi tomonidan ilgari surilayotgan global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lidagi xalqaro tashabbuslarni alohida qayd etdi. Gurbanguli Berdimuhamedovning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga chiqqani, haqiqatdan namunaviy tus olgani ta’kidlandi.
– Shaxsan Sizning ko‘magingiz bilan 2017 yilda davlatlarimiz strategik sherikligining mustahkam asosi yaratildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatlarimiz parlamentlari, hukumatlari, hududlari, ishbilarmonlari, jamoatchiligi, ziyolilari va yoshlari o‘rtasida faol muloqotlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik yuksak e’tirofga loyiq. Masalan, o‘tgan yili Ashxobod va Toshkentda Maxtumquli asarlarining o‘zbek tilidagi to‘plami taqdimot qilindi, shuningdek, Ashxobod xalqaro kinofestivalida o‘zbek-turkman badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ko‘rsatilgan yuksak hurmat va ehtirom uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev va o‘zbek xalqiga minnatdorlik izhor etdi. Azaldan qardosh bo‘lib, yaqin qo‘shnichilik an’analari asosida yashab kelayotgan o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik bundan buyon ham mustahkamlanishi, bu ezgu ishga hissa qo‘shish u uchun sharaf ekanligini ta’kidladi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining oliy mukofoti topshirilishi ko‘p millatli xalqimizning atoqli davlat arbobi, bugungi Turkmanistonning milliy yetakchisi va me’mori sifatida unga nisbatan samimiy hurmat-ehtiromi ifodasi bo‘lganini ta’kidladilar.
Rasmiy tadbirlar yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Kongress markazining Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda eman daraxtini ekdilar.
Marosim ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish borasidagi qat’iy intilishning ramzi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan birga Samarqanddagi xalqaro turizm markazida tashkil etilgan “Zamonlar sadosi” ko‘rgazmasiga tashrif buyurdilar.
Mehmonlarga ko‘rgazmaning asosiy qismi – tungi sahro manzarasi namoyish etildi. Yulduzli osmonda burjlar, Mirzo Ulug‘bek xaritasi va meridianlar namoyon bo‘ladi. Tomoshabin xuddi Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan karvon kabi qum tepaliklar orasidan o‘tadi. Yo‘l bo‘ylab insoniyat sivilizatsiyasining rivojlanish tarixi yoritib boriladi.
Yo‘lda turkman o‘tovi uchraydi. Turkman baxshisining qo‘shig‘i yangraydi.
O‘zbek va turkman ayollari, biri so‘zana tiksa, ikkinchisi turkman gilamini to‘qiydi.
Ustalar va bunyodkorlar shahrida rassomlar, hunarmandlarning nozik did va yuksak mahorat bilan yaratilgan ijodiy asarlari namoyon bo‘ladi.
O‘zbek va turkman san’atkorlari ijrosida dutor va tanbur chalindi, buyuk shoirlar Alisher Navoiy va Maxtumquli g‘azallari o‘qildi.
Innovatsion taqdimotda maxsus jilolar va teatrlashtirilgan sahnalar keng qo‘llanilgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Aytish mumkinki, mazkur ko‘rgazma – birodarlik tarixi, o‘tmishdan dars olib, kelajakni hamkorlikda qurish sari chaqiriq. Xalqlarni yaqinlashtirish uchun ko‘proq ko‘priklar kerak bo‘lgan bir paytda, ana shunday ekspozitsiya orqali qo‘shni mamlakatga “bizni faqat tarix emas, balki umumiy kelajak birlashtiradi” deya olish – yuqori diplomatiya namunasidir.
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning yurtimizga amalga oshirgan tashrifi yakunlandi. Oliy martabali mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.
Hech shubhasiz, Turkman xalqi milliy yetakchisining mamlakatimizga tashrifi va davlatimiz rahbari bilan o‘tkazgan samarali muzokaralari O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga hamda azaliy qardosh o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stona aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
G‘olib HASANOV,
O‘zA maxsus muxbirlari