Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xabariga ko‘ra, 2024 yilda Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanishga oid 127 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan ikki barobarga ko‘p bo‘lib, bu 1997 yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
O‘zbekistonda qizamiqqa qarshi emlash Milliy emlash kalendari asosida amalga oshiriladi. 2024 yilda emlangan bolalar qamrovi 99,3 foizni tashkil etgan. Shunga qaramay, respublika hududlarining ayrimlarida qizamiq bilan kasallanish holatlari qayd etilgan.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Xalqaro immunizatsiya haftaligi doirasida “Qizamiq kasalligining oshishi sabablari, oldini olish choralari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda gap bordi.
Mutaxassislar tomonidan qizamiq kasalligining oldini olishda bolalarni vaqtida va to‘liq emlash eng samarali chora ekani ta’kidlandi. Jumladan, qizamiq, qizilcha va tepkiga qarshi bola birinchi marta 12-15 oyligida, ikkinchi marta bolalar bog‘chasiga borishidan oldin, ya’ni 4-6 yoshda emlanishi lozimligi ta’kidlandi. Targ‘ibot tadbirlarida “mahalla yettiligi” va butun jamoatchilik birgalikda ishtirok etishi lozimligi ta’kidlandi.
Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha xalqaro va mahalliy ekspertlar davlat qizamiq kasalligiga qarshi vaksina bilan uzluksiz ta’minlayotganini, qizamiq kasalligini davolash jarayonlari zamonaviy davolash protokollari orqali amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.
Senatorlar, soha mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, vazirlik, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan davra suhbati yakunida qizamiq tarqalishiga barham berish hamda O‘zbekistonni qizamiqdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA