So‘nggi yillarda mamlakatimizda xalqaro biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratilib, investitsiyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilandi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish, soliqlarni kamaytirish hamda valyuta konvertatsiyasini soddalashtirishga qaratilgan kompleks islohotlar investitsiya oqimining oshishiga olib keldi. Investorlarga keng imtiyozlarni taqdim etayotgan erkin iqtisodiyot zonalarining tashkil etilishi hamda xalqaro moliya institutlari bilan faol hamkorlik bu ijobiy o‘zgarishlarning muhim omili bo‘ldi.
Olib borilayotgan iqtisodiy siyosat biznes va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan. Mamlakatimizda soliq stavkalari izchil pasaytirilib, xorijiy kompaniyalarning kredit olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda, sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng jozibador bozorlardan biriga aylanmoqda.
Respublikamizning strategik jihatdan qulay joylashuvi uning muhim afzal jihatlaridandir. Mamlakatimiz aholisi 37,5 million kishini tashkil etadi, qo‘shni davlatlar esa 300 milliondan ortiq iste’molchiga ega bozorni shakllantiradi. Bu mahalliy ishlab chiqarish va tovarlarni mintaqaga eksport qilish uchun katta istiqbollarni ochadi. O‘zbekiston nafaqat xorijiy kapitalni jalb qilish, balki ilg‘or texnologiyalar va nou-xauni integratsiya qilishni ham maqsad qilgan. Buning natijasida iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilishga erishiladi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, faol investitsiyaviy siyosat olib borayotgan mamlakatlar barqaror iqtisodiy o‘sishga erishmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi va zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi sanoatni rivojlantirishga turtki bo‘lib, yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi va aholi turmush darajasini yaxshilaydi. O‘zbekiston bu yondashuvni amaliyotda samarali qo‘llamoqda. Buni mamlakatimizda o‘tkazilayotgan eng yirik investitsiya tadbirlarining natijalari ham ko‘rsatib turibdi. Masalan, III Toshkent xalqaro investitsiya forumida 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 11 milliard, 2022 yilda esa 7,8 milliard dollarni tashkil etgan. Investitsiyalar hajmining jadal o‘sishi xalqaro biznes vakillarining mamlakatimizga bo‘lgan ishonchi ortayotganidan dalolat beradi.
Muvaffaqiyatli investitsiya tashabbuslariga misol tariqasida Ozarbayjon — O‘zbekiston investitsiya kompaniyasini keltirish mumkin. Ikki mamlakat Prezidentlari qaroriga asosan tashkil etilgan, ustav kapitali 500 million dollarga teng bo‘lgan ushbu kompaniya har ikki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladigan xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Kompaniya yangi va mavjud loyihalarga 1 milliondan 25 million dollargacha sarmoya kiritadi. Ozarbayjon — O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi loyiha faoliyatiga aralashmagan holda strategik qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etadigan moliyaviy sarmoyador sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Kompaniya ishlab chiqarish, logistika, turizm, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga sarmoya kiritadi. Qolaversa, u boshqa an’anaviy moliya institutlaridan farqli o‘laroq, mablag‘ ajratibgina qolmay, insonlarning biznes-rejalari, g‘oyalari, maqsad va intilishlari ortida mamlakat va mintaqa uchun muhim loyihalarni yaratish mumkinligini ko‘ra oladigan hamkor sifatida ishtirok etadi. Bunday yondashuv kompaniyani iqtisodiy o‘sish va tarkibiy o‘zgarishlarning muhim omiliga aylantiradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini mustahkamlashda davom etyapti. Bunda qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish YAIMning yetakchi tarmoqlari bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjon — O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bir paytning o‘zida bir nechta tarmoqlarga urg‘u berib, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.
— Bugun O‘zbekiston sarmoyadorlarni jalb etuvchi markaz sifatidagi o‘rnini mustahkamlamoqda. Biz mamlakatingizda jadal ijobiy o‘zgarishlar, biznes rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Olib borilgan islohotlar iqtisodiyotni xalqaro kapital uchun yanada qulay, moslashuvchan va ochiq qildi. Kompaniyamiz uchun investitsiyalar faqatgina mablag‘ kiritish emas, ayni damda rivojlanish uchun strategik hamkorlik va uzoq muddatli hissa hamdir. Bizni nafaqat raqamlar, balki ulkan g‘oyalarni ilgari suradigan va yangi trendlarni yaratishga qodir tadbirkorlar qiziqtiradi. O‘zbekiston — imkoniyatlar mamlakati va biz keng ko‘lamli o‘zgarishlarga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz, — deydi Ozarbayjon — O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bosh direktori Nozim Gadjiyev.
Mamlakatimizda Ozarbayjon — O‘zbekiston investitsiya kompaniyasidan tashqari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa investitsiya tuzilmalari ham faoliyat yuritadi. Bu iqtisodiyotning an’anaviy tarmoqlarini rivojlantirishga turtki berishi bilan birga, tadbirkorlarga IT, moliyaviy texnologiyalar, elektron tijorat va ilg‘or raqamli ishlanmalar kabi yo‘nalishlarda yangi g‘oyalar ustida ishlash, mahsulot ishlab chiqarish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun imkoniyat yaratadi.
O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ana shunday investitsiyaviy tuzilmalardan biridir. Jamg‘arma uzoq muddatli infratuzilma loyihalarini moliyalashtirib, transport-o‘tish bog‘lamalar qurilishi, energetika tizimining modernizatsiya qilinishi, sanoatning strategik tarmoqlari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Hozirgi globallashuv davrida respublikamiz jahon iqtisodiy jarayonlariga izchil integratsiyalashib, mintaqada tobora muhim rol o‘ynamoqda. Geografik joylashuv, boy tabiiy resurslar va investitsiyalarga yo‘nalganlik O‘zbekistonni ko‘plab xalqaro davlatlar uchun jozibador maydonga aylantirmoqda. “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda shaffoflik, tenglik va sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilish tamoyillari mustahkamlangan. Bu biznes yuritish shartlarining barqarorligi va qonuniyligini ta’minlaydi.
Davlat siyosati investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan. Bunda innovatsion ishlab chiqarishlarni jalb qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamklorikni mustahkamlash, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash eng muhim yo‘nalishlardandir. Uzoq muddatli istiqbolda bu milliy iqtisodiyotmizning barqaror o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Aziza Alimova, O‘zA.