Munosabat
Korrupsiyaga qarshi kurashishda har bir normativ-huquqiy hujjat tizimli ahamiyatga ega. Jumladan, ayrim farmon va qarorlar bevosita natijaga ta’sir etuvchi institutsional o‘zgarishlarni boshlab berishga xizmat qiladi.
Kuni kecha Prezident tomonidan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon hamda “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror shular jumlasidandir.
Farmon bilan endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash har yili hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari bilan birgalikda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishi belgilandi.
Shu bilan birga, farmon orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament palatalari ishtirokini kengaytirishga doir ham muhim vazifalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Sababi, parlament bu – davlat mablag‘lari sarflanishini tasdiqlovchi va xalq nomidan nazorat qiluvchi muhim institutdir. Shu bois, Oliy Majlis palatalarining korrupsiyaga qarshi institutsional ta’sirini tubdan kuchaytirish bugungi kunda strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Chunki, qonunchilikka muvofiq byudjet mablag‘lari qaysi sohalarga ketmoqda – buni aynan parlament a’zolari tasdiqlaydi. Ammo bu mablag‘lar samarali va shaffof sarflanyaptimi? Mana shu savolga parlament faqat hisobot eshitish bilan emas, balki amaliy tahlil va profilaktika bilan ham javob berishi lozim.
Shu bois, Prezident farmonida parlament a’zolari har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritib borishi belgilanmoqda. Shuningdek, vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartib belgilandi. Unga ko‘ra, har bir nomzod: “Men rahbar sifatida sohamda qanday islohotlar orqali korrupsiya xavfini kamaytiraman?” degan savolga javob berishi kerak bo‘ladi.
Haqiqatdan ham parlamentning qonun qabul qilish bilan birgalikda, faol tahlilchi va nazoratchi organ sifatida ham ish olib borishi, korrupsiyani institutsional darajada cheklash imkonini beradi. Bu orqali jamiyat davlat boshqaruvidagi hisobdorlikka ishonadi, tizimda esa haqiqiy adolat va samaradorlik shakllanadi.
Yana bir xalqchil tashabbuslardan biri bu har oyning 1-5 sanalarida reja asosida “qizil” toifadagi mahallalarga tushib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari chuqur tahlil qilinishidir. Bu orqali “qizil” toifadagi mahallalar faoliyati hamda u yerdagi mas’ullar ish tajribasi o‘rganilib, ular faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, 2025 yilning 1 iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi qamrovi yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi. Umuman olganda, farmonda korrupsiyaga qarshi kurashishda samaradorlikni oshirishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslarni misol qilib keltirish mumkin.
Qolaversa, qabul qilingan qaror orqali ham davlat organlari va tashkilotlarida “halollik vaksinasi” tamoyili asosida korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga oid ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni amalga oshirish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash imkonini beruvchi situatsion markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “O‘zsuvta’minot” AJning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Agentlik xodimlari tayinlanadi.
2025 yil 1 iyulga qadar esa, “E-anticor.uz” elektron platformasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestrini yuritish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilingan ishlar haqidagi hisobotni elektron shaklda taqdim etish, anonim so‘rovnomalar o‘tkazib, natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
Umuman olganda, mazkur tashabbuslar O‘zbekiston “Adolat” SDP saylovoldi dasturidagi maqsad va vazifalarga hamohangligi bilan yanada ahamiyatli sanaladi. Boisi, sotsial-demokratlar tomonidan ilgari surib kelingan dasturlarda ham davlat mablag‘lariga qilingan har qanday tajovuzni bartaraf etish va talon-tarojlik hamda suiiste’molchiliklarni qat’iy jazolash prinsipi ilgari surilgan. Byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish maqsadida davlat xaridlariga oid qonunchilikni takomillashtirish hamda davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari bilan bog‘liq barcha jarayonlarni raqamlashtirish va ochiqlash shular jumlasidandir.
Xulosa qilib aytganda, mazkur hujjatlar orqali O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi institutsional immunitet yaratish sari muhim qadamlar tashlanmoqda. Maqsad korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat – nazorat emas, ishonchli tizim va samarali mexanizmlarni hayotga tatbiq etishdir.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA