Mehmonlar hayratini yashirmaydi. Bu manzara ertaklarda ta’riflangan, tarixiy kinolarda ko‘rsatilgan deydi.
Biri san’at asari darajasida yasalgan pichoqni tomosha qiladi. Boshqasi esa qadimgi Samarqand qog‘ozining tayyorlanish siri bilan qiziqadi. Hayrat va hayajon tutashadi shu nuqtada.

Gap Samarqand Xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi haqida bormoqda.
Majmua o‘zida mukammallikni uyg‘unlashtira olgani bilan tashrif buyuruvchilarni hayratga solib kelmoqda. Qadimiy bozor, Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan So‘g‘d davlati hukmdorining elchilarni qabul qilish marosimi tasvirlari, ko‘z o‘ngingizda dunyoga kelayotgan san’at asarlari...

“Boqiy shahar”da hunurmandlar uchun ko‘plab ustaxonalar qurilgan. Bugun ular faol ishlamoqda. Ish jarayonlari esa majmuaga yanada o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov birgalikda "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdilar.
Majmuada buyuk tarix, bugungi kun shiddati va porloq kelajak uyg‘unlashib ketayotganga o‘xshaydi deydi turkman delegatsiyasi vakillari.

Tashrifdan so‘ng xalqimizga xos qadriyatlarni namoyon etayotgan usta-hunarmandlar bilan suhbatlashdik.
– Oliy martabali mehmon biz, hunarmandlar bilan dildan suhbatlashdi, – deydi usta-kulol Sharif Azimov. – Yasalgan sa’nat asarlarini yuqori baholadi. Bizdagi hunarmandchilikka oid tajribani Turkmanistonda ham qo‘llash taklif qilindi. Nasib bo‘lsa bu tashrifdan keyin ikki xalq ustalarining ko‘rgazmalari ham tashkil etilsa ajab emas. Bu yerdagi muloqotda shu haqida ham so‘z bordi.

Tarixda Samarqand qog‘ozi yaratilishi dunyo nashriyotchiligi, ilm-faniga katta hissa qo‘shgan. Turkman delegatsiyasi e’tiborini majmuadagi ushbu loyiha ham tortdi.

– Bu korxonani qurishdan oldin biz bilan ham maslahatlashilgan edi,– deydi Samarqand qog‘ozi ishlab chiqaruvchi hunarmand Firdavs Umarov. – Nechta xona, qancha maydon kerakligi haqida fikr so‘rashgan. Shuning uchun qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha bugun barcha sharoit yaratilgan. O‘rta asrlarda bizning shu yo‘nalish keng ravnaq topdi. Ajdodlarimiz bu qimmatli mahsulotlarni nafaqat qo‘shni davlatlar, balki Yevropa bozorlariga ham olib chiqishdi. Qiziquvchilarga bu kabi faxr bag‘ishlaydigan ma’lumotlar ham beramiz. Mahsulotlarimiz sifati yuqori bo‘lgani uchun unga hozir ham talab bor. Ustaxonamizga kirgan kishi uzoq vaqt qolib ketishining sababi ham shunda.

Majmua mehmonlar bilan gavjum, u dunyo ahlini chorlayveradi.
Ikrom AVVALBOEV,
Rustam NAZARMATOV(surat), O‘zA