Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining 2-turi doirasida “G” hamda “H” guruhlaridagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Kubok bahslarining “G” guruhida "Bunyodkor" ikkinchi tur uchrashuvini safarda "Namangan FA" klubiga qarshi o‘tkazdi va 3:1 hisobida zafar quchdi. Shuningdek, ushbu guruhning "Buxoro" – "Lokomotiv" jamoalari bahsida 2:0 hisobi qayd etildi.

Mazkur natijalardan so‘ng, “Bunyodkor” ochkolarini 6 taga yetkazib, guruh peshqadamiga aylandi. “Buxoro” va “Lokomotiv” jamoalari bir xil - 3 ochkodan jamg‘argan holda ikkinchi hamda uchinchi o‘rindan joy oldi. "Namangan FA" klubi esa ikki mag‘lubiyatdan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda qoldi.

“H” guruhidan o‘rin olgan OKMK – "Nasaf" uchrashuvi kubokning markaziy o‘yini bo‘ldi. Ushbu jamoalar to‘qnashuvining birinchi bo‘limida "Nasaf" Dragan Cheranning ikki goli evaziga 2:0 hisobida oldinga chiqib olgan edi. Biroq, Mirjalol Qosimov shogirdlari ikkinchi bo‘limda o‘yin tizginini o‘z qo‘liga oldi. Natijada Ali Abdurahmonov va Ruben Sanchesning gollari OKMK klubiga 3:2 hisobidagi g‘alabani keltirdi.

"Paxtakor" mamlakat kubogi doirasidagi uchrashuvda yirik hisobda g‘alaba qozondi. Poytaxtimiz klubi guruh bosqichining ikkinchi turida "Navoiy" jamoasiga qarshi safar o‘yinini o‘tkazdi va 0:9 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Bu yirik hisobdagi g‘alabadan so‘ng, “Paxtakor” 6 ochko bilan o‘z guruhida yaqqol peshqadamga aylandi va deyarli keyingi bosqich yo‘llanmasini hal qildi. OKMK va "Nasaf" jamoalari hisobida 3 ochkodan bor va ular 2-3 o‘ringa joylashdi. Bu turda ham taslim bo‘lgan “Navoiy” hamon ochkosiz qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA