“Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi Samarqandda qad rostlagan zamonaviy, ulug‘vor va ertaknamo me’moriy majmua sanaladi.
Yodimizda, olti yil avval Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida 212 gektar maydonda ushbu majmua qurilishi boshlangan edi. Bugun bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida qator zamonaviy mehmonxonalar, Kongress xoll, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar qizg‘in faoliyat yuritib kelmoqda. U yiliga millionlab sayyohlarni jalb qilib, ularga mukammal xizmat ko‘rsatayotir.

Bugun bu yerdagi “Boqiy shahar“ tarixiy-etnografik bog‘i haqida yana bir bor to‘xtalamiz. Hududda tashkil etilayotgan madaniy tadbirdan fotolavhalar havola etamiz.
“Boqiy shahar”ga tashrif buyuruvchilarni hayratga soluvchi jihatlar talaygina. Xususan, Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan So‘g‘d davlati hukmdorining bir qator mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilganligi ko‘pchilikka qiziq.

Qadimiy bozor, mamlakatimizning barcha hududlariga xos qirqta hunarmandlik ustaxonasi tashkil etilgani esa majmuaning yana bir ustun tomoni. U xalqimizga xos qadriyatlarni namoyon etadi. Unda usta-hunarmandlar yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilam to‘qish kabi faoliyat yuritadi.

– O‘zim faol tadbirkorman, mamlakatimizda ishbilarmon ayollarga yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanayotganlardan biriman, – deydi shu yerdagi ustaxonalardan birida faoliyat yurituvchi hunarmand Saodat Nizomova. – Majmua mamlakatimizda sayyohlik yo‘nalishini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. O‘zimiz shahrisabzlikmiz. Bu yerda Qashqadaryo kashtachiligi an’analarini namoyish qilamiz. Mahsulotlarimizga qiziqadiganlar juda ko‘p. Zamonaviy texnologiyalar davrida mana shunday qo‘l mehnati singgan, mehringiz qo‘shib yasalgan buyumlarga talab yuqori. O‘zim to‘rtinchi avlod kashtachiman. Bu yo‘nalishlarga e’tibor juda pasayib ketgan vaqtlarni ham ko‘rdik. Hozir hammasi boshqacha. Biz bu madaniyatimizni nafaqat chet elliklarga targ‘ib qilish, balki farzandlarimizga ham singdirish yo‘lida harakat qilyapmiz. Bugun yurtimiz turizm sohasi imkoniyatlari oshib, qadriyatlarimiz dunyoga chiqyapti. Jahondagi ko‘plab ko‘rgazmalarda ishtirok etishimizga sharoitlar bo‘lyapti. Bundan, albatta, mamnun bo‘lamiz.

Darhaqiqat, bu yerga yuqori martabali mehmonlar ham ko‘p kelishadi. Ular xalqimizning boy madaniy merosini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va amaliy san’at namunalari bilan tanishadi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dasturlarni tomosha qilishadi.

Eslatib o‘tamiz kecha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov birgalikda ushbu tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi.
[gallery-22986]
Ikrom AVVALBOEV,
Rustam NAZARMATOV(surat),
O‘zA muxbirlari