Bugun "O‘zenergoinspeksiya"da Koreya va Yaponiya tashkilotlari o‘rtasida chiqindilarni qayta ishlash va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Koreyaning “Hyundai Heavy Industries Power Systems Co., Ltd.” (HPS) va Korea Institute for Climate Change (KICC) tashkilotlari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Furqat shaharchasidagi poligonda saqlanayotgan maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Aytib o‘tilganidek, mazkur jarayon “waste-to-energy” chiqindidan energiya olish texnologiyasi asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. HPS kompaniyasi shu maqsadda CFBC (Circulating Fluidized Bed Combustion) aylanuvchi qizigan qatlamda yoqish texnologiyasini taklif etdi. Bu texnologiya turli xil yoqilg‘ilar, ayniqsa, maishiy chiqindilarni samarali yoqish, kam chiqindi chiqarilishi, barqaror ishlash hamda mahalliy yoqilg‘i resurslaridan foydalanish orqali xarajatlarni kamaytirish imkoniyati bilan ajralib turadi. Tomonlar mazkur innovatsion yechimni O‘zbekistonda sinov tariqasida joriy etish masalasini muhokama qildi.
Shuningdek, "O‘zenergoinspeksiya" va Yaponiyaning “Energy Conservation Center” hamda JICA tashkilotlari o‘rtasida energiya auditi sohasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur muloqot doirasida energiya auditi bo‘yicha tashkil etiladigan treningga tayyorgarlik holati, uning mazmuni va tashkil etish tartibi muhokama qilindi. Uchrashuvda O‘zbekistonda energiya auditi bo‘yicha amaldagi holat, mavjud imkoniyatlar hamda xalqaro tajribalarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yaponiyalik mutaxassislar o‘z mamlakatlarida energiya menejerlari va energiya auditorlarni tayyorlashda foydalaniladigan o‘quv materiallari hamda trening doirasida amaliy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan vazifalarni taqdim etdi.
“O‘zenergoinspeksiya”ning energiya samaradorlik departamenti boshlig‘i Farrux Halimovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda dunyoda barqaror rivojlanishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – bu energiya manbalaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish hisoblanadi.
– Shu nuqtai nazardan, Koreya va Yaponiya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari O‘zbekiston uchun ulkan imkoniyatlarni yaratadi. Jumladan, chiqindilarni energiyaga aylantirish bo‘yicha koreyalik mutaxassislar taklif etgan CFBC texnologiyasi nafaqat energiya ishlab chiqarishda, balki ekologiyani yaxshilashda ham samarali vosita bo‘la oladi. Bu loyiha biz uchun juda qiziqarli, chunki bugungi kunda chiqindilar muammo emas, aksincha, resurs sifatida ko‘rila boshlandi. Agar ushbu texnologiya yurtimizda sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, uni kengroq joriy etish imkoni tug‘iladi. Shu bilan birga, yaponiyalik hamkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda energiya samaradorligi va energiya auditi sohasida xalqaro tajribalarni o‘rganish imkoniyati yaratildi. Ular tomonidan taqdim etilgan o‘quv dasturlari va amaliy topshiriqlar mutaxassislarimiz uchun katta tajriba maktabiga aylanadi. Umuman olganda, ham chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya ishlab chiqarish, ham energiya auditi sohasidagi islohotlar mamlakatimizda barqaror, iqtisodiy samarali va ekologik toza energetika sektorini rivojlantiradi, – dedi F Halimov.
Uchrashuvlarda qayd etilganidek, ushbu xalqaro hamkorlik loyihalari O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
--0--