Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyevning qayd etishicha, yerlardan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish umummilliy ahamiyatga ega bo‘lgan ustuvor vazifalardan biridir.
Global miqyosda har yili 7-8 million gektar hosildor yerlar degradatsiyaga uchramoqda. O‘zbekistonda ayrim hududlarda gumus miqdori 40 -50 foizgacha kamaygan. Bu esa, tuproqning biologik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Dunyoda 1,3 milliard gektardan ortiq yer maydoni degradatsiyaga uchragan. Shuningdek, dunyo bo‘ylab har yili 24 milliard tonna hosildor tuproq yo‘qolmoqda. Bu esa, oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotir.
Xalqaro Yer kuni munosabati bilan “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning intensiv va innovatsion yechimlari, yer resurslaridan foydalanishni raqamlashtirish” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda yuqoridagi kabi muammolar yechimiga e’tibor qaratildi.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan Yer munosabati bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, ToshDAU, O‘zMU bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralarning vakillari, olimlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish zarurligiga e’tibor qaratdi. Agrar sohada innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, sun’iy intellekt, raqamli monitoring usullaridan foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish asosiy vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ilm-fan va tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ham aytib o‘tildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 millionga yaqin ko‘chat ekilib, cho‘llanish va shamol eroziyasini kamaytirish choralari ko‘rilayotgani e’tiborga loyiqligi e’tirof etildi.
BMT va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda cho‘llanish jarayonlarini kamaytirish va barqaror agroekotizimlar yaratish loyihalari amalga oshirilayotgani xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.
Joriy yilda mamlakatimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiyasi”ni amalga oshirish, iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish bo‘yicha ko‘plab muhim vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda yerlarni himoya qilish va ulardan samarali foydalanish, degradatsiyaning oldini olishga oid ilmiy asoslangan takliflar bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA