“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “Mening biznesim” va “Mening buyurtmam” loyihalarining taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda bank Boshqaruvi rahbariyati, hamkor tashkilotlar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2020 yil 12 mayda qabul qilingan “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi” bank tizimidagi tub o‘zgarishlarga dasturilamal bo‘lmoqda. Bu aholiga taklif etilayotgan bank xizmatlari qulayligi va ommabopligi, zamon talablariga mosligi, xususan, raqamli va onlayn xizmatlar ko‘lami oshib borayotganida yaqqol aks etmoqda.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB respublikadagi yetakchi moliya muassasalaridan biri sifatida zamonaviy xizmatlarni joriy qilish orqali mijozlar ishonchini qozonishga va moliya bozorida mustahkam o‘rin egallashga intilmoqda.
Hozirda KPMG xalqaro kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bankning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda. Chakana biznes modelini rivojlantirish va daromadlilik ko‘rsatkichlarini oshirish bankning asosiy strategik maqsadlaridan biri sanaladi.
Keng jamoatchilikka taqdim qilingan “Mening biznesim” va “Mening buyurtmam” innovatsion yechimlari mazkur maqsadga erishishda dadil qadamdir. Taqdimot marosimida mazkur yangi loyihalarning ahamiyati va afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Mening biznesim” – bu o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan noyob raqamli platformadir. Mazkur platformada tadbirkorlik faoliyatini rasman boshlashi uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish, rasmiy daromadga ega bo‘lmagan, o‘z kasbini ustasi bo‘lgan fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi yoki rivojlantirishi uchun kreditlar olish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyati, ya’ni bo‘yoqchi, elektrik, tikuvchi, ustachilik, santexnik va boshqa shu kabi o‘z xizmatlarini aholiga onlayn tarzda taklif etish, mehnat stajini rasman yuritish orqali kelajakda ijtimoiy nafaqalarga ega bo‘lish kabi muhim imkoniyatlar yaratildi.
Bundan tashqari, barcha mobil ilovalar kabi kunlik ehtiyojlarni qondirish uchun barcha xizmatlar mavjud. “Mening buyurtmam” loyihasi ham har bir yurtdoshimiz uchun qulayliklar yaratishi bilan alohida ahamiyatga molik. Zero “Mening buyurtmam” – bu mijozlar va o‘zini o‘zi band qilgan xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi qulay raqamli vositachidir. “Mening buyurtmam” ilovasi orqali, har qanday xizmat ko‘rsatuvchilarni, ustalarni tez va oson topish imkoniyati, o‘z lokatsiyalarini ko‘rsatgan holda belgilangan narx asosida identifikatsiyadan o‘tgan ustalarni jalb qilish mumkin.
Shu bilan birga ilgari foydalangan iste’molchilar tomonidan qoldirilgan izohlar tahlili asosida ustalarni tanlash, jalb qilinayotgan ustalarning reytingini tahlil qilish imkoniyatlari yaratilgan. Bu ilovada kasblar va sohalar bo‘yicha xizmatlar katalogi mavjud va undan 24/7 rejimida foydalanish mumkin.
Shuningdek, xizmatlar uchun buyurtma berish, geolokatsiya asosida eng yaqin xizmat ko‘rsatuvchini topish imkoniyatlari mavjud. Foydalanuvchilarga chat orqali tezkor aloqani amalga oshirish imkoniyati ham yaratilgan. Har bir xizmat ko‘rsatuvchi uchun “qayta aloqa” o‘z faoliyatini takomillashtirib borishning muhim shartidir. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur loyiha reyting va fikr-mulohazalar tizimini ham o‘zida mujassam etgan.
Taqdimot marosimida spikerlar tomonidan “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning istiqboldagi rejalari va tatbiq etilishi mo‘ljallanayotgan yangi innovatsion loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA