Toshkent metrosi poytaxt aholisining kundalik harakatlanishida muhim rol o‘ynaydi. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosurat va videolarda ertalab va kechki “chas-pik” paytlarida bekatlar odamlar bilan to‘lib-toshayotgani, vagonlarga chiqish uchun kamida bir necha poyezdni o‘tkazib yuborishayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Vagonga chiqqan taqdirda ham oyoq qo‘yishga joy, nafas olishga havo yo‘q.
Xususan, Chilonzor, Paxtakor, Beruniy kabi yirik bekatlarda ertalabki soat 07:30 dan 09:00 gacha bo‘lgan davrda yo‘lovchilar soni keskin ortadi. Aynan shu vaqtda poyezdlar 8-10 daqiqa oralig‘ida kechikib kelmoqda. Natijada, ishga yoki o‘qishga shoshayotgan fuqarolar 7-8 ta reysni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lmoqda.

Kechki payt esa Paxtakor, Xalqlar do‘stligi va boshqa markaziy bekatlarda tig‘izlik yana qaytariladi. Ayni paytda mavjud jadval yo‘lovchilar oqimiga moslashtirilmagan ko‘rinadi.
Bu holat nafaqat noqulaylik tug‘diradi, balki aholi orasida transport tizimiga bo‘lgan ishonchni ham kamaytiradi.

Mazkur muammo tizimli tahlil va yechimni talab etadi. Yangi poyezdlar olib kelish, mavjud harakat jadvalini qayta ko‘rib chiqish va soatlik yuklamalarga mos tarzda reyslarni ko‘paytirish orqali fuqarolarning harakatlanish imkoniyatlarini yengillashtirish mumkin.
Transport tizimidagi har qanday noqulaylik oxir-oqibat fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, Toshkent metropoliteni faoliyatida yo‘lovchilar qulayligini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, tegishli choralar ko‘rish zarur.
Javlon Abdullayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA