“Sizning nomingizga kredit rasmiylashtirildi”... Notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, sizga ham shu gapni aytishganmi? To‘g‘risi, bu gapni o‘zim ko‘p eshitganman va shu zahoti o‘sha raqamlarni bloklab qo‘yganman.
Yoki banklardan kredit taklifiga oid ko‘plab xabarlar olganman. Faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kredit tariximga oid ma’lumotni bekitib qo‘yganimdan keyin qulog‘im tinchidi.
Albatta, hayotda hamma ham qonun-qoidalarni bilmasligi, hushyor bo‘lmasligi mumkin. Axir, nomiga haqiqatdan ham o‘zining xabarisiz kredit rasmiylashtirilgan shaxslar ham uchraydi.
“Mening nomimga Sherzod ismli shaxs 57 million 300 ming kredit rasmiylashtiribdi, bundan mening mutlaqo xabarim yo‘q edi. Endi Majburiy ijro byurosi mendan kredit bo‘yicha qarzlarni to‘lashni talab qilmoqda...”
Mana shu mazmundagi shikoyatni eshitib, o‘zi mardikorlik qilib kun ko‘radigan navqiron bir yigitga, to‘g‘risi, juda achindim. Unga qanday bo‘lmasin yordam berish, bo‘yniga ilingan “sirtmoq”dan uni ozod qilishga bel bog‘ladim.
Ammo... Bu voqea bilan bog‘liq sud hujjatlarini o‘rganish asnosida asli surxondaryolik bo‘lgan fuqaro Q.Q. Chirchiq shahrida yuk tashishga buyurtma olgani, u yerga borgach esa Sherzod ismli shaxs bilan tanishgani ma’lum bo‘ldi. Sherzod Q.Q.ga 100 AQSH dollari berishini, buning evaziga kreditga oid hujjatga imzo chekishini so‘raydi. U esa “Bor-yo‘g‘i 57,3 million so‘m kredit. Buni o‘zim tez kunda yopib yuboraman, sizga zarari tegmaydi”, degan quruq gapga ishongan.
Afsuski, oradan hech qancha vaqt o‘tmay avval bank xodimlari, keyin davlat ijrochilari Q.Q.dan kredit mablag‘larini to‘lashni so‘ray boshlaydi.
Sud jarayonida jabrlanuvchi bu holatlarni to‘liq bayon qilgan. Ko‘pchilikka nisbatan bu qilmishni sodir etgan Sherzod esa 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Sud qarorida, albatta, yetkazilgan zararni Sherzoddan undirish ko‘rsatilgan.
Murojaatchi esa qiyin vaziyatda qolgani, uni bu tashvishdan qutqarishni so‘radi. Ammo, qonun-qoidani bilmaslik hech kimni javobgarlikdan ozod qilmaydi. Yuz dollarga qiziqib, 57,3 million so‘mni qarz sifatida zimmasiga olayotganda, u buning oqibatini o‘ylab ko‘rishi kerak edi. Shunday emasmi?
Albatta, yuqorida aytib o‘tilganidek, olmagan mahsulot yoki xizmatlar uchun kredit to‘lashga majbur bo‘layotgan fuqarolar ham hayotda uchraydi. Bu kabi holatlar esa, odatda, firibgarlik natijasida yuzaga keladi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bunday firibgarlik holatlari ko‘paymoqda. Fuqarolar nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirilib, ularga moliyaviy zarar yetkazish holatlari yo‘q emas.
Joriy yilning birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 16 mingga yaqin jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ushbu jinoyatlarning ko‘pchiligini firibgarlik tashkil etgan.
Firibgarlar, odatda, ijtimoiy muhandislik usullaridan foydalanib, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtiradi.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekistonda bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Masalan, biometrik identifikatsiya. Bunda kredit tashkilotlarining mobil ilovalari orqali kredit olishda fuqarolar biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari talab etiladi. Bu orqali fuqaroning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish imkoniyati kamayadi.
Kredit tarixini tekshirish. Bunda kredit tashkilotlari ariza tushgandan so‘ng hamda kredit mablag‘lari ajratilishidan oldin fuqaroning kredit tarixini ikki bosqichda o‘rganadi. Agar mijozning kredit tarixi salbiy yoki qarz yuki yuqori bo‘lsa, kredit ajratish rad etiladi yoki boshqa summada ajratiladi.
Kredit bitimini taqiqlash xizmati. Bunda fuqarolar o‘z nomlariga kredit rasmiylashtirilishining oldini olish uchun kredit byurosiga ariza berish orqali bunday bitimlarni taqiqlashlari mumkin. Bu xizmat yozma yoki elektron shaklda amalga oshiriladi. Buni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali qilish mumkin.
Umuman olganda, fuqarolar o‘z shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishi, shubhali operatsiyalardan ehtiyot bo‘lishi va banklar tomonidan joriy etilgan xavfsizlik choralariga amal qilishi juda muhim. Bu kabi tadbirlar orqali firibgarlik holatlarining oldini olish va fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash mumkin.
Norgul Abduraimova, O‘zA