Dunyo uzra hukm surayotgan globallashuv – ming yillik qadriyatlarni, tamoyillarni, talablarni, mazmun-mohiyatini, maqsad-muddaoni o‘zgartirib yubormoqda. Ayovsiz o‘z domiga tortmoqda.
To‘g‘ri, bu jarayonlar asta-sekinlik bilan ochiqcha yoki yashirincha zamonaviy axborot-texnologiyalar ko‘magida amalga oshirilmoqda. Buning nimasi ajablanarli demoqchi bo‘lganlarga shoshilmaslikni maslahat berardim.
Unutmasligimiz kerakki, qadriyatlarning yo‘qolib borishi zamirida millatni o‘zligidan uzoqlashtirishday yovuz maqsad yotibdi. Bu o‘rinda “yotibdi” so‘zini biz shartli ravishda qo‘llayapmiz. Aslida u yotgani yo‘q. Allaqachon o‘rnidan turgan, yuryapti, hatto yuguryapti.

Bir paytlar ziyoli so‘zining salmog‘i juda baland edi. Bu so‘z tarozida og‘ir kelardi. Tosh bosardi. Mas’uliyati bor edi.
Mening nazarimda, jamiyatda ziyolidan baland qatlam bo‘lmasdi. “Ziyoli inson”, “ziyoli oilada tug‘ilgan”, “ziyolilar avlodidan”, “yetti pushti ziyoli bo‘lgan...” degan martabalar chuqur hurmat bilan, ehtirom ila e’tirof sifatida ishlatilar edi. Jamiyat a’zolarining hurmat qiladigan qatlami ham ziyolilar edi.
Ziyolilar to‘rga chiqarilar, ziyolilarga birinchi bo‘lib salom berilar, ziyolilar bilan ko‘rishishga intilishar, ziyolilar bilan muloqot qilish, aloqa o‘rnatish, yaqin munosabatda bo‘lish katta baxt hisoblanardi.
Ziyoli deganda yaqin vaqtlargacha ko‘z o‘ngimizda davlat namoyandalari, o‘qituvchi, professor, shoir, yozuvchi, jurnalist, olim, madaniyat va san’at fidoyilari namoyon bo‘lardi.
Ming afsuski, bugun biz yuqorida ta’kidlagan kasblar mavjud. Lekin ziyolilarimiz safi tobora qisqarib, siyraklashib borayotgani ham bor gap.
Bugun biz targ‘ibot qilayotgan, merosini o‘rganayotgan jadidlarimiz ham avvalo, ziyolilar qatlami, ziyolilar sinfi edi.
Jadidlar bundan bir asrdan ko‘proq vaqt ilgari aytgan fikrlar, ilgari surgan g‘oyalar nima uchun bugungi kunlarimizda ham dolzarb, o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan?
Jadidlarni dor ostiga yetaklagan ham aslida mana shu o‘lmas fikrlar edi.
Ziyoli bo‘lishning mas’uliyati qanchalar ulkanligini his etyapmizmi? Mening fikrimcha, yo‘q.
Globallashuv, qolaversa, bozor iqtisodiyoti ziyolilarni egallab turgan istehkomlaridan ortga chekinishga majbur qildi. Buning oqibatida ziyolilarimiz nima yo‘qotganligini bilmadim-u, jamiyat, millat ko‘p yo‘qotdi va bu zararlari hali-hamon davom etmoqda.
Ziyolilalarga nisbatan hurmat o‘rnini achinish, e’zoz o‘rnini kamsitish egallab oldi.
Ziyolilar borasida bu jamiyatning mudhish xatosi bo‘lsa, ziyolilarning o‘zi ham mavqeini jang-u jadalsiz topshirib qo‘ydi.
Ziyolilar qatlami jamiyatga nima uchun kerak?
Ziyo bu – havomas, bu non ham emas, qorinni to‘ydirmaydi.
Ziyo bu – tafakkur. Ziyo – bu ma’rifat. Ziyo bu – ma’naviyat. Endi mana shu tamoyillarsiz qolgan jamiyatning ahvolini tasavvur qilavering…
Hatto o‘ylash xavotirli. Oqibati esa o‘ta xavfli...
Ziyolini ikki qanoti bor. Biri ma’rifatparvarlik, ikkinchisi esa vatanparvarlikdir.
Biz hayot tashvishlariga o‘ralashib qolish natijasida mana shu muqaddas tuyg‘ularni yo‘qotib qo‘ymadikmi? Unutib qo‘ymadikmi? Ziyoli ajdodlarimizning buyuk maslagi bo‘lgan millatparvarlikdan uzoqlashmadikmi?
Ziyolilikning talablarini, mas’uliyatlarini his etsak, u qanchalik zalvorli, mashaqqatli nom ekanligiga iymon keltiramiz.
Millat qachon yuksaladi, qachonki ziyolisi uyg‘oq, fidoyi bo‘lsa, beparvo bo‘lmasa. Millat o‘shanda yuksaladi, taraqqiy etadi.
Maktab muallimi o‘zini ziyoli deb hisoblasa, millatning bolalariga vijdonan bilim, to‘g‘ri tarbiya beradi. Bolaligidayoq ong-tafakkurini ochadi, ilm o‘rgatadi. Mabodo buning teskarisi bo‘lsa-chi? O‘zingiz ayting, bunday o‘qituvchini ziyoli deb bo‘ladimi?
Universitet professori talabalarni yaxshi o‘qitmasa, o‘zi mansub bo‘lgan fandan maktab yaratmasa, shogirdlar tayyorlamasa, bunday domlani vatanparvar deb bo‘ladimi?
Bugun mana shu talablarni mamlakatlarning ziyoli qatlami oldiga qo‘yish vaqti kelmadimi?
Muallimlarimiz, domlalarimiz qanday mas’uliyat oldida turganliklarini bilishadimi? Faqatgina, o‘z manfaatimiz doirasida harakatlanayotganligimizdan tonamizmi? Manfaatlar to‘qnashuvi degan tushunchani juda tor ma’noda anglamayapmizmi? Garchi achchiq bo‘lsa ham, bir haqiqatni aytmoqchiman: fan nomzodi, fan doktori, dotsent, professor bo‘lish degani bu olimlik yoki ziyolilik emas. Haqiqiy olim, ziyoli avvalo, millat va mamlakat g‘ami bilan yashaydi. Vatani, millati, taqdiri uchun kuyunadi. O‘z manfaatini Vatan, millat manfaatidan ustun qo‘ymaydi. Bu kabi fazilatga ega bo‘lgan shaxslarni olim, ziyoli deb atasa bo‘ladi.
Bir olim millatni, mamlakatni mashhur qila oladi. Qachonki, u to‘la ma’nodagi ziyoli bo‘lsa.
Vatanparvar bo‘lmagan o‘qituvchi, professor, tarbiyachi aslida jamiyat uchun juda katta xavf-xatar. O‘zi vatanparvar bo‘lmagan tarbiyachi, professor-o‘qituvchi jamiyatga vatanparvar bo‘lmaganlarni yetishtirib beradi. Buning oqibatini esa tasavvur qilib ko‘ravering.
Eng avvalo, bu millat ozodligi, mamlakat mustaqilligi uchun tahdid, tahlika. Buning oqibatini o‘ylashning o‘zi dahshat.
Vatanparvarlarsiz vatanning, millatparvarsiz millatning, ziyolilarsiz xalqning kelajagini bashorat qilishning o‘zi qo‘rqinchli.
Ziyoli vatanparvar bo‘lmasa, ziyoliman deyishga haqqi yo‘q. Bu maqomni, martabani ko‘tarish uchun, avvalo, ziyolining yuragida Vatan bo‘lishi kerak.
Jadidlar haqida o‘ylaganimda hayratim oshib boraveradi. Jadidlar o‘z mablag‘lari hisobidan maktab ochgan, teatr tashkil qilgan. Gazeta, jurnal, kitoblar chop etgan. Bosmaxonalar olib kelgan. Yoshlarni xorijga yuborib o‘qitgan. Eng e’tiborlisi, bu ishlarni ular juda katta qarama-qarshilik ichida amalga oshirgan. Bu yo‘lda nafaqat molini, balki jonini ham tikkan.
Jadidlar otasi hisoblangan samarqandlik Mahmudxo‘ja Behbudiy maktab o‘quvchilari uchun turli fanlardan qator darsliklar yaratgan. “Aholi geografiyasiga kirish”, “Qisqacha umumiy geografiya” kabi darsliklari bizgacha yetib kelgani va o‘z ilmiy qiymatini yo‘qotmagani fikrimiz dalili bo‘la oladi.
Behbudiy nima uchun bu ishga jazm qilgan? Buning sababi kunday ravshan: maktablar uchun darsliklar yo‘q bo‘lgani yoki borlari ham zamon talablariga javob bermagani uchun bu mashaqqatni o‘z zimmasiga olgan.
Biz-chi? Bugun biz nima qilyapmiz? Davlat qurib bergan maktabda, davlat bergan maoshni olib, xalqning bolasini yaxshi o‘qitmasak, oliy maktabda mutaxassislar emas, nomigagina diplomlilarni tayyorlasak. Bolalarimizni umrini, vaqtini behuda o‘tkazsak insofdan bo‘ladimi?
Insof bilan aytganda, professor-o‘qituvchi olayotgan oylik 2016 yildan keyin kamida o‘n barobar oshirildi. O‘qituvchi, domlaning bo‘ynidagi bo‘yinturuq bo‘lgan majburiy mehnatga butunlay barham berildi. Ilm o‘rganishga, ilm o‘rgatishga barcha imkoniyatlar yaratildi. O‘zbekistonning eshiklari dunyoga, dunyo darvozalari O‘zbekistonga butunlay ochildi. Zamonaviy laboratoriyalar, texnologiyalar muhayyo qilindi...
Prezident va davlat yana nima qilib berishi kerak bizga?
Qachon ziyolining bosh maqsadi, burchi bo‘lgan ma’rifatparvar, vatanparvar bo‘lamiz?
Tabiiy boyliklar qanchalik ko‘p, mamlakat hududi cheksiz bo‘lsa-da, ziyoli uyg‘oq, ziyoli mas’uliyatni his qilmasa hammasi bekor.
2016 yildan boshlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev ziyolining qadrini, qaddini tiklash uchun jon-jahdi bilan harakat qilyapti. Ziyolining hurmatini, mavqeini mustahkamlash bosh maqsadga aylangan. Lekin ziyoli qatlamning o‘zi-chi, buni his etayapmizmi?
Mamlakat va millat oldidagi vazifalarimizni anglaymizmi? Prezident va davlat bizga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikka javob beryapmizmi? Zimmamizda juda katta yuk borligini his etamizmi? Bugun zo‘r berib gapirayotgan jadidlarimizga munosibmizmi? Yoshlarimizga o‘rnak bo‘lyapmizmi? Vatanparvarlik degan bir ilmni farzandlarimizning ongiga singdiryapmizmi? Talab qilish bilan birga fidoyimizmi? Vijdonimiz oldida javob bera olamizmi? Ajdodlarimiz oldida-chi? Kelgusi avlodlar oldida-chi?
Mamlakat mustaqilligini mustahkamlashni oldingi saflarda ziyolilar bo‘lishi kerak. Millatning ma’rifatli, madaniyatli bo‘lishi yo‘lida eng fidoyi insonlar ziyolilar bo‘lishi kerak.
Faqat ziyoliman deyishning o‘zi yetarli emas. Sizning ziyoli ekanligingizni jamiyat his qilishi, jamoatchilik tan olishi, e’tirof etishi kerak.
Bugun davlatimiz rahbari, millat va mamlakat ziyolilarning uyg‘onishiga, ziyolilar qatlamining shakllanishiga, bilimi va qudratiga, fidoyiligiga, ma’rifatparvarligiga, millatparvarligiga, o‘z burchini chuqur anglashiga har qachongidan-da ko‘proq muhtoj.
Mustaqilligimizning barqarorligi, mamlakatimizning taraqqiyoti, millatimizning birdamligi yo‘lida ziyolilar oldingi saflarda bo‘lishi kerak.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.