Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan Senatning Harakatlar dasturiga ko‘ra “Aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish bo‘yicha 2025 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlangan.
Shu asosda davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarni “Ye-learning” elektron ta’lim platformasida onlayn o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Ochiq ma’lumotlarga kirish” hamda “Ochiqlik bo‘yicha davlat siyosati” mavzularida ikkita kurs yaratildi. Unda 119 tashkilotdan ming nafar xodim tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilib, 670 tasi kursni tamomladi va sertifikatga ega bo‘ldi.
Senat huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan chora-tadbirlar rejasi ijrosi muhokamasi jarayonida shu haqda so‘z yuritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada 51 davlat xaridi operatorlari, 418 davlat buyurtmachisi hamda 1 ming 115 nafar tadbirkorning ishtiroki ta’minlandi.
Ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilib, Finlyandiya Adliya vazirligining “Mahalliy hokimiyatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish – samarali boshqaruv sari qadam” nomli uslubiy qo‘llanmasi o‘zbek tilida nashr etildi. Qo‘llanma Yurkitob.uz platformasiga joylashtirildi.
Oliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” ruknlari ochildi. Unda turli mavzulardagi 738 targ‘ibot materiali va ma’lumotlar joylashtirildi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida #Stop korrupsiya xeshtegi ostida 485 marotaba chellenj o‘tkazildi. Unda 57 ming 140 nafar xodim, professor-o‘qituvchi hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashish muhim ahamiyatga ega ekanligi bois qonunchilikda o‘z aksini topadigan hamda tezroq amaliyotga tatbiq etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida ishchi guruh a’zolari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, chora-tadbirlar rejasining ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlashga qaratilgan ishlarni yanada faollashtirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA