Vatanimiz tarixidagi 23 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1134 yil (bundan 891 yil oldin) – adib, shoir, mohir xattot, tarixchi Abu Rashod Ahsikatiy vafot etdi. U 1074 yilda Ahsikat shahrida dunyoga kelgan. Shu yerda Abul Qosim Mahmud ibn Muhammad So‘fiydan ta’lim olgan. Keyinchalik Marvga ko‘chib ketgan. Marvda inisi Abul Vafo bilan yashab, katta shuhrat va obro‘ qozonadi. Xurosondagi ko‘pchilik fozillar Abu Rashod Ahsikatiydan ta’lim olganlar. U Sulton saroyida munshiy sifatida xizmat qilgan. Olim tasnif qilgan asarlardan: “Abu Rashod tarixi” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Tarix haqidagi kitob”, Abdula’lo Marriy (979–1058)ning kitobiga sharh tarzida yozilgan “Zindiqlik sarqitlari devoniga sharx”, “Ularning seni bunday deb aldagan so‘zlari hakidagi kitob” kabilar ma’lum.
1405 yil (bundan 620 yil oldin) – Amir Temurning yigirma ikki yoshli nabirasi Umar Mirzo o‘zining tug‘ishgan akasi Abu Bakr Mirzoni hibsga oldi. Bobosi Temur vafotidan so‘ng Umar Mirzo akasi Abu Bakr Mirzoga nisbatan pinhoniy dushmanlik ruhida edi. Shu sababli ham Sultoniya shahriga kelgan akasi Abu Bakr Mirzoni ushlatib, qal’aga qamatadi va unga tegishli haram va barcha mol-mulkni o‘ljaga oladi. Abu Bakr Mirzo oradan qariyb uch oy o‘tgach bandilikdan qochib qutuladi.
1422 yil (bundan 603 yil oldin) – akademik Bo‘riboy Ahmedovning qayd etishicha, Mirzo Ulug‘bekning yordami bilan Shermuhammad o‘g‘lon Mo‘g‘uliston taxtini egalladi. Shu tariqa Ulug‘bekning 1416 yildan beri qalbiga tugib yurgan orzu-istagi ushaldi. U Mo‘g‘uliston taxtiga o‘z odamini o‘tqizishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo, baribir, Shermuhammadxon ko‘p o‘tmay, valine’mati Mirzo Ulug‘bekning yordamini unutdi.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining shu kungi sonida ma’rifatparvar Hoji Muinning jadidchilik harakatining yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiyning fojiali va mavhum taqdiri haqidagi “Qadrnoshunoslik” nomli maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada muallif shunday yozadi: “Ushbu yil mart oyining oxirlarinda Samarqand yoshlaridan muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mardonqul Shomuhammadzoda, Muhammadqul O‘rinboy o‘g‘li ila Turk qardoshlarimizdan muallim Na’im afandi (xalqning so‘zig‘a ko‘ra) Maskavga yoki boshqa bir yerga bormoq qasdila yo‘lg‘a chiqg‘on edilar. Bular ot ila Buxoro tuprog‘idan o‘tayotganlarida Qarshi shahrida Bek tarafindan qo‘lg‘a olinib, zindong‘a qamatg‘onlar. Mana hozirg‘acha bular haqinda asoslik bir ma’lumot olg‘onimiz yo‘kdur. Shuning uchun bu to‘g‘rinda hech narsa yozmay turduq. Xalq orasinda alar haqinda bir necha turlik rivoyatlar suylanmakdadur. Ba’zi kishilar so‘zlariga ko‘ra, Mahmudxo‘ja va rafiqlari Amirning amri ila Qarshi zindonida bo‘g‘dirilib o‘ldurilganlar. Ikkinchi rivoyatga ko‘ra, Bek tarafidan alarg‘a zohiran yo‘l berib, so‘ngra orqasidan bir necha yaroqli odam yuborilib cho‘lda vahshiyona bir suratda o‘ldirilib tashlang‘onlar. Uchinchi rivoyatga qarag‘anda alar hanuz Qarshi zindonida barhayot emishlar.
Mana mazkur uch turli rivoyatning qaysi biri asosli ekanligi to‘g‘risinda ma’lumot olurg‘a muvofiq bo‘lolmay turibmiz. Har holda alarning o‘ldurilgan va o‘ldurilmaganliklari aniq va ravshan emas. Bu to‘g‘rida xabar olmoq uchun harakat qilaturgon bir kishi ham yo‘q. Yaqinda Akobir afandini hibs etilganini bilib g‘alayong‘a kelgan va oni hibsdan chiqarmoq uchun birgalashub bo‘kurgan Samarqand yoshlari o‘z millatig‘a 25 yil hizmat etgan muhtaram Mahmudxo‘ja ila oning rafiqlarini zolim Buxoro hukumatining qo‘lidan qutqarib olmoq yoki alarning bor-yuqlaridan xabardor bo‘lmoq uchun harakat etmadilar va etmaylar. Mana shunday “taraqqiyparvar” yoshlarni “Qadrnoshunos” demay nima deyluk?!”.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – O‘zbek ilmiy komissiyasining Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ilk bor o‘zbeklardan xorijga talabalar yuborish masalasi muhokama qilindi. O‘sha yilning 7 mayida bo‘lib o‘tgan Maorif xalq komissarligi (vazirligi) kollegiyasi yig‘ilishida ham yana shu masala ko‘tarilib, mahalliy millat vakillarini xorijga o‘kishga uchun yuborish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda respublika hukumati oldiga o‘zbeklardan 10, qirg‘izlardan 10, turkmanlardan esa 5 kishini xorijga o‘qishga yuborish masalasi qo‘yildi. Shu yillarda Yevropadagi davlatlar orasida Germaniya fan va texnika sohasida katta yutuqlarga erishgani sababli o‘zbekistonlik talabalarni Germaniyag‘a o‘qishga yuborish lozim, degan fikrga kelindi.
1930 yil (bundan 95 yil oldin) – adabiyotshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Laziz Qayumov avallud topdi (vafoti 2004 yil). U – adabiyotshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Aziz Qayumovning ukasi.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston Savdo xalq komissarligi (vazirligi) o‘z muassasalariga bergan buyrug‘ida elektr energiyasini tejashning quyidagn yo‘llarinn belgiladi: chiroqni kunduzi yoqmaslik, deraza oynalarini bo‘yoq va changdan tozazash (ular ham ma’lum foiz yorug‘likni tutib qolishi mumkin ekan), ishlatilmayotgan chiroqni o‘chirib yurish.
Shu tariqa Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston korxonalarida ko‘p quvvatli lampochkalar kam quvvatlisiga almashtirildi, harbiy mahsulotlar ishlab chiqaradigan va evakuatsiya qilingan korxonalarning ishini bir maromda ta’minlash uchun elektr energiyasini iqtisod qilish boshlandi.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston hukumatining qarori bilan sholi ekuvchi kolxozlar va ochiq suv havzalariga ega korxonalarda o‘rdak yetishtiruvchi fermalar tashkil etildi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hukumatga qarashli bo‘lmagan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – Germaniyaning Bonn shahrida “Amir Temur va uning tarixdagi roli” mavzusida nemis va o‘zbek olimlari ishtirokida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi.
2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida «Favvoralar sayli» yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma’muriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA