Ko‘pincha biror joyimiz og‘risa-da, shifokorga borib ko‘rinishni ortga suramiz. Tanamizdagi aksariyat kasalliklar esa shifokor ko‘rigiga borishimizni kutib o‘tirmaydi. O‘z vazifasini bajaradi. Ya’ni, inson tanasi bo‘ylab kuchini ko‘rsatadi.
Bugun tuman poliklinikalarida har qanday kasallikni aniqlash, tahlil topshirib, natijasini bilib olish mumkin. Buning uchun shahar markaziga yoki poytaxtga kelish shart emas. Chunki, yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasiga oid ketma-ket qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, dastur va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar odamlar uchun sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini joriy etish, sohaga eng so‘nggi, zamonaviy usul va texnologiyalarni tatbiq etish borasidagi ishlarni jadallashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda onkogematologik kasalliklar sirasiga kiruvchi oqqon kasalligining oldini olish, uni erta aniqlash, davolash bo‘yicha bir qator amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 27 maydagi «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi» qarori Respublikada ushbu xizmat holatini qayta ko‘rib chiqishga, amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, ko‘lami va samaradorligini oshirishda dolzarb ahamiyatga ega hujjatga aylandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, davolash choralari, gematologik va onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash va oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik.
– Markazimizda qon kasalliklarining barcha turlari davolanadi, – deydi ikkinchi onkogematologiya bo‘limi mudirasi, oliy toifali shifokor, gematolog, tibbiyot fanlari nomzodi Zulxumor Yunusova –
Oxirgi qaror asosida aholiga ixtisoslashtirilgan gematologik va onkogematologik xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida markaz yangi jahon standartlariga javob beradigan binoga joylashtirildi. Gematologiya xizmatining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, kadrlar salohiyati doimo oshirilmoqda. Samarali ravishda kasalliklarni oldini olish va erta aniqlash tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, ilg‘or tashxis usullarini joriy etish, onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan qon tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga qulay shart sharoitlar yaratildi.
Markazda onkogematologiya kasalliklariga gumoni bo‘lgan bemorlar uchun multidissiplinar xizmat ko‘rsatish maqsadida tarkibida barcha tor mutaxassislaridan va zamonaviy tekshiruv asbob uskunalari mavjud bo‘lgan maslahat poliklinikasi ishlayapti.
Umumiy qon tahlili va uning morfologik xususiyatlarini tekshiruvdan o‘tkazadigan laboratoriya, hamda yangi yuqori texnologik molekulyar – genetik, sitogenetik, immunfenotiplash, mikrobiologik laboratoriyalarida bemorlarga o‘z vaqtida aniq tashxis qo‘yishga imkon beryapti.
Statsionar sharoitida davolanuvchi bemorlar uchun qabul bo‘limi, tegishli klinika bo‘limlari tashkil etilgan. Bo‘limlarda palatalar bir va ikki kishilik va sanitariya xonasi bo‘lib, bu bemorning har xil infeksiyalar bilan muloqotda bo‘lishini oldini olishga imkon yaratadi. Bo‘limlarda muolajalar, qon quyish, kimyoviy dori vositalarini tayyorlash, sternal va endolyumbal punksiya amaliyoti va boshqalar uchun alohida xonalar ajratilgan.
Markazda reanimatsiya bo‘limi, alohida steril boks xonali transplantatsiya bo‘limi tashkil etilgan.
Qon banki klinikadagi bemorlarni sifatli va xavfsiz qon komponentlari, trombokonsentrat bilan uzluksiz ta’minlashni amalga oshiradi.
Gematologiya markazida ro‘yhatga olingan onkogematologik bemorlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi «Kanser-registr» yaratilgan.
Qon – inson tanasining oynasi. Shu sababli gripp yoki jigar xastaligi bo‘ladimi, buyrak, o‘pka xastaligi bo‘ladimi, eng avvalo, qon tahlilidan boshlash kerak. Har bitta shifokor qon tahlilini o‘qishni bilishi shart. Qon kasalligi har xil simptomlar bilan kechadi. Uni tashxislash jiddiy mas’uliyat talab qiladi.
Bugungi kunda oqqon o‘limga hukm emas. Chunki, 60-70 foiz bemorlar shifo topmoqda. Ayniqsa, og‘ir tashxisli bemorlarga transplantatsiya ya’ni, suyak ko‘migi o‘zak xujayralarni ko‘chirish amaliyotlarining qo‘llanilishi tibbiyotning muhim yutuqlaridan bo‘ldi. Markazimizda aynan suyak ko‘migi o‘zak xujayralarini ko‘chirish amaliyotini o‘tkazayotgan yosh, izlanuvchan shifokorlar talaygina. Transplantatsiya bo‘limida asosan bemorlarning qarindoshlaridan, qarindoshlari to‘g‘ri kelmaganda begona donorlardan suyak ko‘migi o‘zak xujayralarini ko‘chirish jarayoni amalga oshiriladi.
– Xo‘sh, bu jarayon bugun qanday kechyapti? Bemor uchun kim donor bo‘la oladi?
– Transplantatsiya markazi 2014 yilda ochilganida atigi 6 ta o‘rindan iborat edi, – deydi bo‘lim mudirasi, tibbiyot fanlari nomzodi Gulchehra Mahamadaliyeva. – Hozirgi kunda o‘rin joylarimiz 12 taga ko‘paydi. Ma’lumot uchun aytish lozimki, asosan bemorlarning aka-ukalaridan, qarindoshlari genotiplari to‘g‘ri kelmaganda esa begona insonlarning suyak ko‘migi o‘zak hujayralari olinadi. Suyak ko‘migi o‘zak xujayralar transplantatsiyasi amaliyotining narxi chet el klinikalarida 100 ming — 250 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Markazda autologik o‘zak xujayralari transplantatsiyasi 160 nafar miyeloma va limfoma bemorlarida, allogen suyak ko‘migi o‘zak xujayralari transplantatsiyasi 47 nafar o‘tkir leykoz bemorlarida o‘tkazildi. Natijada markaz Tinch okeani va Osiyo mintaqasi mamlakatlari suyak ko‘migi transplantatsiyasi tashkilotiga (ABPMT) 23-a’zo bo‘lib qabul qilindi. Yana bir muhim yangilik: joriy yilda gematologiya sohasida eng og‘ir xastalik bo‘lgan aplastik anemiya (ilik qurishi) kasalligiga chalingan 3 nafar bemorda noyob allogen suyak ko‘migi o‘zak hujayralar transplantatsiyasi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazildi. Hozirgi kunda bemorlar ambulator nazoratda, ahvoli yaxshi.
Bugungi kunda ham autotransplantatsiya, ham allogen transplantatsiyasini o‘tkazish imkoni to‘liq yaratildi.
– O‘zak xujayralar transplantatsiya jarayoni hech qachon shoshma-shosharlik bilan qilinmaydi. Oldin bemorga ximiya-terapiya muolajalarini qo‘llab, keyinchalik ilik o‘zak xujayralarini ko‘chirish uslubini qo‘llaymiz, – deydi gematolog Farhod Toshtemirov. – Oqqon bilan kurashish, uni davolash uchun hamisha o‘qish-izlanish, o‘z bilimlarimizni oshirish harakatidamiz. 16 nafar yosh mutaxassislarimiz Sankt-Peterburgning R.M.Gorbacheva nomli gematologiya, onkologiya va transplantatsiya markazida ikki yillik klinik ordinaturada tahsil olib kelishdi. Hozirgi kunda nafaqat onkogematologiya balki autoimmun, tarqoq skleroz, revmatizm va sklerodermiya kasalliklarida ham autologik suyak ko‘migi o‘zak xujayralar transplantatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Bu amaliyot bemorlarni kasallikdan tuzalib ketishiga katta imkon beradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SKFZWt3H164" title="Oqqon kasalligini davolashda qanday choralar qoʼllanilyapti?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sog‘liq – bebaho ne’mat. Uni borida qadrlash, o‘z vaqtida tibbiy ko‘riklardan o‘tish, yashash hududimizdagi gematologiya bo‘limlarida qon tahlillarini o‘tkazib turish tanamizdagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash va erta davolash choralarini ko‘rishga yordam beradi. Zero, kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal.
Nigora Rahmonova, Abror Sodiqov (video),
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA